To‘rtko‘lda pillachilik: Mashaqqatli mehnatning kumush samarasi
2026-05-15 10:00:00 / Yangiliklar

To‘rtko‘lda pillachilik: Mashaqqatli mehnatning kumush samarasi
To‘rtko‘l tumanida ipak qurti parvarishi va pilla yetishtirish ishlari ayni qizg‘in pallaga kirdi. Tumandagi 30 ta mahallaning har birida bugun zahmatkash pillakorlar yurtimiz xirmoniga munosib hissa qo‘shish uchun sidqidildan mehnat qilmoqdalar.
Xususan, «Yashnaobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi aholi azaldan dehqonchilik va pillachilik hadisini olgan. Bu yerda ko‘p yillardan buyon ushbu sohada maktab yaratgan, o‘z ishining ustasiga aylangan pillakorlar talaygina.
Ana shunday ilg‘orlardan biri — «Qoraxonboyli Xolbay» MChJ rahbari Norgul opa Salievadir. Qariyb 40 yildan buyon pilla qurti boqish bilan shug‘ullanib kelayotgan Norgul opa bu hunarni ota-onasidan meros qilib olgan. Bugungi kunda u kishining oila a’zolari — turmush o‘rtog‘i (xalq ta’limi xodimi) va kelini (tibbiyot xodimi) ham ishdan bo‘sh vaqtlarida «kumush tola» yetishtirishda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishadi.
«O‘zimizning tut bog‘imiz bor. Oilamiz bilan har yili mavsumda faol bo‘lamiz. Natijada yiliga o‘rtacha 400-450 kilogramm pilla topshiramiz. Bu yilgi rejalarimiz ham salmoqli», — deydi N. Salieva.
Ta’kidlash joizki, pillachilik tarmog‘i mahalla aholisi bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mashaqqatli, ammo sharafli mehnat qilayotgan To‘rtko‘l pillakorlarining sa’y-harakatlari yuqori hosildorlikka zamin yaratmoqda.





