“Kasb va mehnat kuni” munosabati bilan Sho‘raxon OFY hududida joylashgan 3-sonli politexnikumda keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi
2026-05-14 14:00:00 / Yangiliklar

“Kasb va mehnat kuni” munosabati bilan Sho‘raxon OFY hududida joylashgan 3-sonli politexnikumda keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirda To‘rtko‘l tumani hokimi I.Xudaybergenov, tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik M.Muratov, tuman prokurori vvb S.Yakubov hamda sohalar rahbarlari ishtirok etib, texnikum o‘quvchilari va otalikka olingan yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdilar.
So‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, kasb-hunar egallash, mehnatsevarlik va zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish bugungi kunning muhim talabi ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fevral oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha berilgan topshiriqlar mazmun-mohiyati haqida ham fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida texnikum o‘quvchilari tomonidan turli kasb yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan ko‘rgazmalar namoyish etildi. Ko‘rgazmalarda zamonaviy texnika vositalari, amaliy jihozlar, o‘quv jarayonida foydalanilayotgan qurilmalar hamda yoshlarning amaliy ishlari qatnashchilarga tanishtirildi.
Yoshlar o‘zlarining kasbiy ko‘nikmalari, ijodiy yondashuvi va texnik salohiyatini namoyon etib, tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdilar.
Shuningdek, tadbir yakunida shashka va stol tennisi musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bayram tadbiri barcha qatnashchilarda iliq taassurot qoldirdi.







