Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
2026-04-25 14:00:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
To‘rtko‘l tumani hokimligida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan majlis o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari R.Nurazizov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U.Mavlyanov, ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
Majlisda davlat idoralari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash va korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikrlar bildirildi.
Tuman mutasaddilari tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq va qonun buzilishi holatlarining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan majlisda sohada uchrayotgan to‘siqlar va kamchiliklar ochiq muhokama qilindi. Majlis yakunida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni minimallashtirish va tizimli nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Bundan keyin, Agentlik vakillari va mutasaddilar «To‘rtko‘l dehqon bozori» hamda «To‘rtko‘l buyum bozor»larida bo‘lib, kirish va chiqish joylarida avtomashinalar oqimini tartibga solish hamda to‘lovlarning avtomatizatsiyalashtirilgan tizim orqali amalga oshirilishi holatini ko‘zdan kechirdilar.
O‘rganish davomida sohada inson omilini kamaytirish va korrupsion holatlarning oldini olishda raqamli texnologiyalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan bozor ma’muriyatiga to‘lovlar shaffofligini yanada oshirish va tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.







