To‘rtko‘lda “Sabr qanoti” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
2026-04-14 14:00:00 / Yangiliklar

To‘rtko‘lda “Sabr qanoti” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
“Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ikkinchi kuni To‘rtko‘l tuman Axborot-kutubxona markazida fayzli adabiy kecha bilan davom etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ijodkor Toir Ro‘ziboevning "Sabr qanoti" nomli yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kutubxona mutaxassisi, shoira Munavvara Yusupova boshchiligida o‘tgan tadbirda adabiyot va san’at namoyandalari, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Q.Yunusova, "To‘rtko‘lnoma" gazetasi muharriri, shoira O‘g‘iljon Nurullaeva hamda muallifning ustozlari, hamkasblari va yaqinlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar muallifni yangi kitobi va yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingani bilan qizg‘in muborakbod etdilar.
O‘z o‘rnida Toir Ro‘ziboev o‘zining yangi asarlaridan kutubxona fondiga va tadbir qatnashchilariga esdalik sifatida sovg‘a qildi.
Tadbir yakunida To‘rtko‘l tuman AKM direktori U.Matniyazov ijodkorga faol hamkorligi va kitobxonlikni targ‘ib qilishdagi hissasi uchun minnatdorlik bildirib, "Tashakkurnoma" topshirdi.







