Rasmiy munosabat
2026-03-11 19:00:00 / Yangiliklar

RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro A.R. tomonidan tijorat banki faoliyatiga nisbatan bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
1. Fuqaroning 2026- yil 4- fevraldagi murojaati asosida 7 fevral kuni hokim yordamchisi tomonidan tavsiyanoma berilgan va bank bilan kredit shartnomasi imzolangan. Biroq, 2026- yil 16- fevral kuni bank xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, shartnomada ko‘rsatilgan chorva mollari (g‘unojinlar) xonadonda mavjud emasligi aniqlangan. Mahsulot amalda yetkazib berilmagani sababli, firibgarlik va mablag‘larni maqsadsiz ishlatishning oldini olish maqsadida kredit ajratish rad etilgan.
Joriy yilning 4- mart kuni fuqaro "Har bir oila – tadbirkor" dasturi doirasida qayta ariza bergan. Ushbu jarayonda yuzaga kelgan tushunmovchiliklar bo‘yicha quyidagi huquqiy asoslar mavjud:
PQ-49-sonli va PQ-55-sonli qarorlar talabi: Mahsulot marketpleys orqali xarid qilinganda, kredit mablag‘i mahsulot yetkazib berilgani bank va hokim yordamchisi tomonidan monitoring dalolatnomasi orqali tasdiqlanganidan so‘ng o‘tkazib beriladi.
Kredit ajratish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, har bir bosqich fuqaroning Elektron raqamli imzosi (ERI) orqali tasdiqlanadi. Bu esa mablag‘larni uchinchi shaxslar tomonidan o‘zlashtirish imkoniyatini mutlaqo istisno qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 373-sonli qaroriga asosan kredit ajratish quyidagi zanjir asosida amalga oshiriladi:
Ariza berish (Fuqaro tomonidan).
O‘rganish va tavsiyanoma (Hokim yordamchisi tomonidan).
Kredit shartnomasi (Bank tomonidan).
Oldi-sotdi shartnomasi (Ta’minotchi va fuqaro o‘rtasida).
Hisob-faktura va dalolatnoma (Mahsulot yetkazilgach).
Mablag‘ o‘tkazib berilishi (3 bank ish kunida).
Fuqaro A.R. bilan tushuntirish ishlari olib borilib, shartnomani bekor qilish va qayta rasmiylashtirish tartiblari o‘rgatilgan hamda yuzaga kelgan muammo bartaraf etilgan.
Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot tarqatishda xolislikka rioya qilish, asossiz ma’lumotlar tarqatmaslik hamda yuzaga kelgan masalalar bo‘yicha vakolatli idoralarga murojaat qilishlarini so‘raymiz.
ATB “Mikrokreditbank” To‘rtko‘l bank xizmatlar markazi
