To‘rtko‘l tuman prokurori N.DJolamanovning aholiga murojaati
2026-02-24 10:00:00 / Yangiliklar

Aziz vatandoshlar!
Bugungi kunda, Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mamlakatdagi barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqning tinchligi hamda osoyishtaligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.
Yurtboshimiz qarorlari bilan huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Huquq - tartibotni mustahkamlash nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki boshqa idoralar va keng jamoatchilikning umummilliy ishi hamda muhim vazifasiga aylandi.
Barcha kuch va vositalar, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilindi.
Bu borada keng jamoatchilik bilan hamkorlik yanada kuchaytirildi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatini samarali tashkil etish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mazkur yo‘nalishda har bir hududdagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda manzilli chora - tadbirlar belgilandi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha faoliyatimizni “mahallabay” tashkil etdik.
Unga ko‘ra, har bir mahallaga alohida yondashgan holda, manzilli ish olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Bunda, “mahalla yettiligi” tomonidan aholining ijtimoiy muammolari aniqlandi va “jinoyatlarning ijtimoiy profilaktikasi”ga tayangan holda hal etildi.
Amalga oshirilgan choralar hamda keng jamoatchilik
bilan uzviy hamkorlikda olib borilgan tizimli
profilaktik tadbirlar natijasida:
- oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 110 taga yoki
18.2 foizga, shundan jinoyat sodir etgan shaxslar 2 nafarga
yoki 18 foizga kamayishiga erishildi;
- 49 ta mahallaning 80 foiz yoki 43 tasida jinoyat
sodir etilmadi;
- «qizil» toifadagi mahallalar 2 tadan 2 taga yoki
100 foizga kamaydi.
Hurmatli fuqarolar !
Respublikamizda boshqa hududlarda bo‘lgani kabi sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyat qismini o‘g‘rilik, firibgarlik va yo‘l transport hodisalari jinoyatlari tashkil etadi.
O‘tgan yilda sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyatining yarmidan ko‘pi fuqarolarimiz o‘z mol - mulklarini qarovsiz qoldirib, sharoit yaratganligi oqibatida yuz bergan.
Shu bois, aholi gavjum joylar va ko‘p qavatli
uylar atrofida viktimologik tadbirlar o‘tkazilib, ming dan ortiq qarovsiz qoldirilgan mol - mulklar aniqlandi
va egalariga ogohlantirilgan holda qaytarildi.
Hurmatli fuqarolar!
Keyingi vaqtlarda sodir etilayotgan jinoyatlarning deyarli teng yarimini kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar tashkil etmoqda.
Albatta, fuqarolarimizni kiber tahdidlardan himoya qilish, mazkur sohaga zamonaviy dasturiy - texnik yechimlar
va yangicha ish usullarini joriy etish bo‘yicha kompleks
choralar ko‘rilmoqda.
Ammo, har birimiz o‘zimizda bu turdagi jinoyatlarga
qarshi immunitet xosil qilmasak ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi.
Tahlillarga ko‘ra, fuqarolarimiz e’tiborsizligi yoki oson pul topish ilinjida internet tarmoqlari orqali
kelgan har hil fayllarni yoki havolalarni ochishlari natijasida o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlarini kiber- makondagi jinoyatchilarga taqdim etib, ularning osonlik
bilan pullarini qo‘lga kiritilishiga yo‘l ochib berilmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar!
Fursatdan foydalanib umumiy jinoyatlar ichida salmog‘i yuqori bo‘lgan avtoavariyalarga e’tiboringizni qaratsam.
O‘tgan yil va joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l harakati xavfsizligi hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshgan.
Haydovchilarning yo‘l xarakati qoidalarga bepisand bo‘lganliklari oqibatida begunoh 2 nafar shaxs hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.
Qadrli yurtdoshlar !
- jamiyatda xavfsiz muhitni ta’minlash ishlariga barchamiz birdek mas’uliyat bilan yondoshsak;
- o‘z uyimiz, o‘z mahallamiz, o‘z yurtimizning tinchligi va osoyishtaligiga daxldorligimizni chuqur his qilsak;
- jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga har birimiz o‘z xissamizni qo‘shsak oilamiz, mahallamiz, yurtimiz tinch va osoyishta maskanga aylanadi.
