QORAQALPOQ QO‘BIZI
2025-12-20 14:00:00 / Yangiliklar

QORAQALPOQ QO‘BIZI
Qo‘biz (qobiz, qıl-qobiz, nar-qobiz) – turkiy xalqlarning qadimiy, torli, kamonli cholg‘u asbobi bo‘lib, u asosan Qozog‘iston, Qoraqalpog‘iston, Boshqirdiston, Tatariston kabi hududlarda mashhurdir. Bu soz noyob va qadimiy ovozga эga bo‘lib, ko‘pincha xalq musiqasida, dostonlarda va marosimlarda ishlatiladi.
Tarixiy manbalarda mazkur asbob turkiy xalqlarning eng sevimli torli-tirnama shaklidagi musiqa cholg‘usi sifatida taʼriflangan. Bu shakldagi qo‘biz (hozirgi do‘mbiraga yaqin) qirg‘izlarda qo‘muz, xakaslarda xomis nomi bilan saqlangan. O‘zbek, qozoq, qoraqalpoqlarda qo‘biz – torli-kamonli cholg‘u sifatida mashhur.
Qoraqalpoq (XVIII asrga qadar qozoq) jirovlarida, shuningdek, baxshi-shomonlarda qo‘biz asosiy cholg‘u hisoblangan. Mayin, nolalarga boy tovushga ega ushbu musiqiy asbob qo‘biz O‘zbekistonda 1930yillargacha Buxoroda maqom ansambllari tarkibida bo‘lgan. 1940–1950-yillarda qo‘bizning rekonstruksiya qilingan (prima, alt, bas va boshqalar) turlari xalq cholg‘ulari orkestri tarkibiga kiritilgan.
Xalqimizning noyob va tabarruk musiqiy asbobi sanalmish Qoraqalpoq qo‘bizining yaqin kunlarda katta shov-shuvlarga va yuksak e’tiroflar sifatida rasman YuNESKOning “Zudlik bilan muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros” ro‘yxatiga kiritilgani barcha vatandoshlarimiz uchun ajoyib xushxabar bo‘ldi. Qoraqalpoq qo‘bizini yasash va unda ijro etish san’atining yo‘lga qo‘yilishi madaniy merosimizning kelgusi avlod uchun saqlanib qolishiga asos bo‘lishi shubhasiz. Aynan ushbu qaror Hindiston poytaxtida o‘tayotgan YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasi 20-sessiyasida bir ovozdan qabul qilindi. Bu tahsinga loyiq, albatta. Chunki ushbu madaniy meros bizga ota-bobolarimizdan qolgan o‘lmas madaniy meros va qo‘l hunaridir.
Qo‘biz an’anaviy ravishda yaxlit tut yog‘ochidan yasaladi, ot yolidan qilingan ikki torga ega bo‘lib, o‘ziga xos chuqur va betakror ohang yaratadi. Azal-azaldan ota-bobolarimiz mazkur musiqiy asbobning ohangiga jo‘r bo‘lib, xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari bo‘lmish dostonlarni zo‘r mamnuniyat bilan ijro qilishgan. Biroq qo‘biz yasovchi ustalar va ijrochi sozandalar safining kamayib borayotgani tufayli ushbu san’at elementi yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda edi. Shu maqsadda qoraqalpoq qo‘bizi YuNESKOning “Zudlik bilan muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros” ro‘yxatiga kiritilgani bekorga emas, albatta.
Quvonarli jihati shundaki, qo‘biz san’ati O‘zbekistonning YuNESKO ro‘yxatlariga kiritilgan meros elementlari sonini 16 taga yetkazdi.
Qoraqalpoq jirovlari — doston ijro etuvchi va shoirlar bo‘lib, qo‘biz jo‘rligida dostonlar va tarixiy rivoyatlarni ijro etadi. Bu an’ana xalqning tarixi, dunyoqarashi va ma’naviy merosini uzluksiz yetkazib kelayotgan noyob musiqiy-she’riy maktab hisoblanadi. Ular qo‘biz jo‘rligida dostonlar va tarixiy rivoyatlar ijro etadi. Jirovchilik an’anasi qoraqalpoq xalqining tarixi, falsafasi va ma’naviy qadriyatlarini yetkazuvchi musiqiy va she’riy san’atning noyob uyg‘unligi hisoblanadi.
Demak, biz ushbu qadimiy noyob madaniy meros sanalgan qo‘bizni asrab-avaylamog‘imiz, kelgusida mohir ustalar sonini ko‘paytirishimiz, yosh avlodni mazkur masalada yetarlicha xabardor qilmog‘imiz hamda mazkur bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish zarur va shartdir.
Sayat GIChGELDIEVA,
To‘rtko‘l tumani 10-maktab direktori,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi
