Матбуот анжумани
2025-12-13 14:00:00 / Matbuot anjumanlari

Matbuot anjumani:
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi: Sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim o‘zgarishlar!
🇺🇿 Bugun tibbiyot birlashmasining majlislar zalida o‘tkazilgan matbuot anjumani Yangi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashga berilayotgan e’tiborning amaliy natijalari borasida bo‘ldi. “Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangiliklar” mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda bosh shifokor Anvar Raimov tumanimiz tibbiyotining bugungi darajasi, joriy etilgan yangiliklar va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatining oshishi haqida axborot berdi. Jumladan, tibbiyot birlashmasiga kelgan og‘ir kasallarning yaqinlari uchun qurilgan kutish zali, bolalar reanimatsiya bo‘limi, yangidan qurilgan tug‘ruqxona va zamonaviy tibbiy uskunalar –bularning barchasi xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Inobat Jumabaeva ayol-qizlar salomatligini tiklash va mustahkamlash borasidagi davlat siyosatining ahamiyatiga to‘xtalib, tibbiy xizmat darajasining oshishidan xalqimizning chuqur minnatdor ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, "Dolzarb 16 kunlik" loyihasida tibbiyot xodimlarining faol ishtiroki muhimligi qayd etildi.
OAV vakillari ishtirokidagi savol-javoblar samimiy ruhda o‘tdi. Mas’ullar aholining tibbiy madaniyatini oshirishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini bildirdilar.





