Til – millatning faxridir!
2025-12-01 17:00:00 / Yangiliklar

Til – millatning faxridir!
“Davlat tiliga hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”.
Sh. Mirziyoev
Tarixiy sanalarni bayram qilish, faxr bilan g‘ururlanish bir muncha oson, albatta, biroq rasmiy tarzda tarixiy sana sifatida belgilanishi zamirida esa juda katta fidoyiliklar yotadi.
Qoraqalpoq tilini chinakamiga davlat tili maqomiga ko‘tarish yo‘lidagi harakatlar natijasida 1989-yil 1-dekabr qutlug‘ sana sifatida tariximiz sahifalariga bitildi, ya’ni 1 dekabr qoraqalpoq tiliga davlat tillari maqomi berilgan kun bayram tarzida nishonlanadigan bo‘ldi. 1989-yil 1-dekabr kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomini berish haqida qabul qilingan qonun shunday so‘zlar bilan boshlangan: “Til – millatning bebaho boyligi. U millatni iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy rivojlanishida kuchli qurol hisoblanadi...”. Ha, ma’rifatimiz darg‘alari bo‘lgan Kunxo‘ja, Ajiniyaz, Berdahlar orzu qilgan “Til ozodligi – dil ozodligi” orzusi ro‘yobga chiqdi.
Bugun O‘zbekistonda benihoya xolis til siyosati shakllangan. Uning talablariga ko‘ra, yurtimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlarning tillari va madaniyatlarining hurmat qilinishi va rivoji uchun barcha sharoit yaratilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga asosan “Qoraqalpoq tili va o‘zbek tili Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat tillaridir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb belgilangan.
Mana necha asrlarki, bu diyorda turli millat va elatlar o‘zaro og‘a-ini bo‘lib yashab kelmoqda. Zero, Jaloliddin Rumiy shunday deganlar: “Bir-birini tushunish – bir xil tilda so‘zlashish emas. Bir-birini tushunish – bir xil tuyg‘uni his etishdir”. Darhaqiqat, bu insonlar bir-birlarini tushunishlari uchun o‘z Vatanini, tilini va milliy qadriyatlarini asramoq muhim insoniy burchdir.
So‘nggi yillarda Hurmatli Prezidentimiz tomonidan qoraqalpoq tilini rivojlantirish va uning davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i KenGESining 2020-yil 3-noyabrdagi “Qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va o‘rnini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 135-sonli qaroriga asosan Vazirlar Kengashida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. 2021-2020-yillarda qoraqalpoq tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilindi. Bugungi kunga kelib qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 36 yil to‘lmoqda. Eng asosiy yutug‘imiz bu 7 ta jilddan iborat bo‘lgan “Qoraqalpoq tilining izohli lug‘ati” kitoblari nashr qilinishi va xalqimizga taqdim etilganidir. Albatta, ushbu lug‘atning yaratilishida filologiya fanlari doktori, professor Sh.Abdinazimov, filologiya fanlari doktori E.Pirniyazova, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori P.Dabilov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi K.Karimov kabi til jonkuyarlarining xizmatlari beqiyosdir.
Bugun 1-dekabr – Qoraqalpoq tili bayrami kuni faqatgina bayram bo‘lib qolmasdan o‘tgan o‘ttiz olti yillik davr uchun sarhisob kuni hamdir. Tilning umri, uning rivojlanishi, jahon minbarlarida yangrashida ma’lum bir soha vakillarigina emas, balki barchamiz birdek mas’ulmiz.
J.Settiev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati
