Hokimiyat haqida

Termiz shahri — Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi, O‘zbekiston Respublikasining eng janubiy shahri hamda mamlakatning muhim iqtisodiy, transport-logistika va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. Shahar Amudaryoning o‘ng sohilida, O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston bilan davlat chegarasi yaqinida joylashgan.
Termiz shahri 1929 yil 26 sentyabrda tashkil etilgan. Umumiy maydoni 40,0 kv.km (0,04 ming kv.km)ni tashkil etadi. Shaharda 37 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, 2026 yil holatiga ko‘ra aholisi 213,7 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Shaharda 49 632 ta xonadon va 59 348 ta oila istiqomat qiladi.
Termiz Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, uning tarixi ikki yarim ming yildan ziyod davrni qamrab oladi. Qadim zamonlarda shahar Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan. Arxeologik yodgorliklar, jumladan Qoratepa, Fayoztepa, Kampirtepa, shuningdek Hakim at-Termiziy va Sulton Saodat majmualari shaharning boy tarixiy-madaniy merosini namoyon etadi.
Bugungi kunda Termiz shahri Surxondaryo viloyatining iqtisodiy rivojlanishida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Shaharda 2 ta yirik hamda 500 dan ortiq kichik sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 3 ta sanoat zonasi (2 ta yoshlar sanoat zonasi va 1 ta kichik sanoat zonasi) mavjud. 2026 yilning besh oyi yakunlariga ko‘ra sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 381,6 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, o‘sish sur’ati 113,6 foizni tashkil qildi. Qurilish ishlari hajmi 927,1 mlrd so‘mga, bozor xizmatlari hajmi esa 1,6 trln so‘mdan oshdi.
Termiz shahri xalqaro transport-kommunikatsiya markazi sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Shaharda xalqaro aeroport, temir yo‘l vokzali, xalqaro avtomobil o‘tkazish punkti va zamonaviy logistika infratuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Bu tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish hamda xalqaro yuk tashish xizmatlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Shaharda aholi uchun barcha zarur ijtimoiy infratuzilmalar shakllangan. Hozirgi kunda 39 ta maktab, 203 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 121 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 2 ta akademik lisey, 77 ta sport inshooti, 2 ta muzey, 11 ta kutubxona, 16 ta madaniy meros ob’yekti hamda 2 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kommunal va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaharda 383,9 km ichimlik suvi, 871,5 km elektr, 346 km tabiiy gaz, 126,4 km oqova suv hamda 512 km avtomobil yo‘llari tarmog‘i aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda Termiz shahrida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, zamonaviy turar joy majmualari, ijtimoiy soha ob’yektlari, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish infratuzilmalari barpo etilmoqda. Shu bilan birga, investisiyalarni jalb qilish, turizm salohiyatini oshirish, sanoatni rivojlantirish hamda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda Termiz shahri o‘zining boy tarixi, strategik geografik joylashuvi, zamonaviy infratuzilmasi va yuksak iqtisodiy salohiyati bilan nafaqat Surxondaryo viloyati, balki mamlakatning muhim rivojlanayotgan shaharlaridan biri sifatida taraqqiy etib bormoqda.
