Bolalar huquqlarini himoya qilishdagi yangi yondashuv
2026-02-17 09:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-dekabrda qabul qilingan “2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi” to‘g‘risidagi farmoni, mamlakatda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli tashabbuslarning muhim bir bosqichi hisoblanadi. Ushbu strategiya bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi kurashishni, ularga har tomonlama ijtimoiy yordam ko‘rsatishni va zo‘ravonlikni oldini olishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Farmonning maqsadi, bolalarni himoya qilish tizimini samarali tashkil etish, jamiyatda zo‘ravonlikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va bolalarning huquqlarini ishonchli himoya qilishdir. Farmonning birinchi qismida, O‘zbekistonning Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyansga qo‘shilganligi ta’kidlanadi. Bu, mamlakatning xalqaro miqyosda ham bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlariga jiddiy ahamiyat berishini ko‘rsatadi. Farmonda, 2026 yil 1-fevraldan boshlab, zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va xavf ostida bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etilishi belgilangan. Bu xizmat zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga ruhiy reabilitatsiya va oilaviy terapiya yordamlarini taqdim etadi. Shu bilan birga, zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga ham yuridik yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Farmon, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarni o‘qitish va ularning ijtimoiy reabilitatsiyasini tashkil etish uchun yangi tizimlar yaratadi. Bu tizimda bolalar maxsus yurtlarga joylashtiriladi va ularning o‘quv jarayoni davomida zarur ko‘mak va himoya ta’minlanadi. Farmonning muhim yo‘nalishlaridan biri bu jamiyatda bolalar huquqlari va zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirishdir. Ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng yoritiladigan targ‘ibot materiallari orqali aholining huquqiy savodxonligini oshirish va zo‘ravonlikka bo‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish maqsad qilingan. Jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashishda yangi tartiblar joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishlar faqat tergovchi va prokurorning qarori bilan amalga oshiriladi, va zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar maxsus huquqiy yordam bilan ta’minlanadi. Bu, bolalarning huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratishga yordam beradi. Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi bolalar huquqlarini himoya qilishni yangi bosqichga olib chiqadi. Farmon orqali bolalar huquqlarini himoya qilishda davlat va jamiyat o‘rtasida kuchli hamkorlikni ta'minlaydi, zo‘ravonlikka qarshi kurashishda yangi usullarni tatbiq etadi va jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka bo‘lgan murosasizlik muhitini yaratadi. Bu tashabbus, O‘zbekistonning xalqaro miqyosda bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlarini yanada oshirishga xizmat qiladi
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Termiz shahar sudining sudya yordamchisi N.Xasanova

