14 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi
2026-08-29 14:10:00 / Yangiliklar
Mehr-e’tibor va inson qadri ulug‘langan yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning quvonchli kunlarini birgalikda nishonlash ezgu an’anaga aylanib bormoqda.

Toyloq tumanida ham Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasi oldidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun xayrli va savobli tadbir tashkil etildi. Unda 8 ta oiladan 14 nafar bolajonning sunnat to‘ylari o‘tkazildi.
Tadbir davomida bolajonlarga to‘y liboslari va esdalik sovg‘alari ulashilib, ularning quvonchiga quvonch qo‘shildi. Yaqinlari va mahalla ahli ishtirokida o‘tkazilgan tantanada bolajonlarga ezgu tilaklar bildirildi.
Bunday xayrli tadbirlar nafaqat bolalarga unutilmas xotira va xursandchilik bag‘ishlaydi, balki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.









