Toyloq tumani Ichki ishlar bo'limi boshlig‘i, podpolkovnik Eldor Raxmatovning tumandagi kriminogen vaziyat bo‘yicha “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati”
2026-08-05 18:50:00 / MUROJAAT

Assalomu alaykum, aziz Toyloqliklar hamda tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha har oy yakuni bilan “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” yo‘llab borilmoqda.
Sizlarga tumanimizning iyul oyidagi kriminogen vaziyati bo‘yicha qisqacha ma’lumot berib o‘tsam.
Joriy yilning iyul oyida jami 54 ta jinoyatlar ro‘yxatga olingan. Ushbu jinoyatlarning 10 tasi, yoki 18,5 foizini mahalla hududida sodir etilgan oldini olish lozim bo‘lgan jinoyatlar tashkil etgan.
Tuman hududida iyul oyi davomida qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, qiynash, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, odam o‘g‘irlash, avto-transport vositasini olib qochish, mulkni qasddan nobud qilish kabi oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan tadbirlar natijasida, iyul oyida 50 ta mahallalarning 41 tasi, yoki 82 foizida mahalla hududidagi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Tumanning Taraqqiyot, Jalolobod, Saribozor, Baxshtepa, Charog‘bon, Bog‘ichinor, Olmazor, Xonchorbog‘ va Nuroniy mahallalari hududida oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Joriy yilning 7 oyi davomida Toyloq tumanida jami 280 ta jinoyatlar qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 12,5 foizga (320/280), oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 foizga (107/77) kamayishiga erishilgan. Qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik va avto-mototransport vositasini olib qochish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Jinoyat turlaridan:
- o‘g‘rilik 42,1 foizga (19/11);
- yengil TJE 25 foizga (8/6);
- jami YTH 47,4 foizga (38/20);
- o‘lim bilan bog‘liq YTH 50 foizga (6/3) kamaygan.
Joriy yilning 7 oyi davomida sodir etilgan jami 77 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 20 tasi, yoki 26 foizini YTH bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etishligini ko‘rishimiz mukin.
Hurmatli fuqarolar!
YTH lar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda har birimizning e’tiborli bo‘lishimiz, yo‘l harakati qoidalariga to‘liq rioya etishimiz juda muhimdir.
Jinoyat sodir etilgan mahallalarda kriminogen vaziyatni jilovlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, ayrim muammoli masalalar va ularni bartaraf etish ham e’tiborimizdan chetda emas.
Hurmatli fuqarolar!
Kundan kunga axborot texnologiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan kiber jinoyatlarning yangi turlari paydo bo‘lmoqda.
Axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlarning sodir etilish usuliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, onlayn savdo va telefon qurilmalariga telegramm messenjeri orqali kelgan zararli (APK) fayllarni ochishlari orqali sodir etilayotganligini ko‘rishimiz mukin.
So‘nggi paytlarda “Bayramga taklifnoma”, “Sening rasmlaring”, “Sud chaqiruvi” kabi nomlar ostida zararli APK fayllar tarqalmoqda. Bunday fayllarni ochmang va qurilmangizga o‘rnatmang!
Agar shubhali ilovalar o‘rnatib yuborilgan bo‘lsa:
🔵internetni o‘chiring yoki parvoz rejimiga o‘ting;
🔵sozlamalar orqali ilovani darhol o‘chirib tashlang;
🔵muammo saqlansa, mutaxassisga murojaat qiling.
Har qanday APK fayl xavfli bo‘lishi mumkin.
Hozirda ushbu xavfdan qutulishimizning eng samarali yo‘li “kiber madaniyat”ni shakllantirish, o‘z-o‘zimizni ushbu jinoyatlardan himoya qilishni o‘rganishimiz hisoblanadi.
Agarda sizga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa yoki bank kartangizga hujum bo‘layotganligi aytilsa, bankning ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, holatga oydinlik kiritishingiz shart.
Oson pul topishni targ‘ib qilayotgan firibgarlarga ishonib qolmang, o‘zingizni va yaqinlaringizni kiber tahdidlardan asrang !
Hurmatli fuqarolar !
Yana bir muhim yo‘nalishga ham ALOHIDA TO‘XTALMOQCHIMAN.
-Jamoat transportida, aholi gavjum joylarda, bozorlar va serqatnov ko‘chalarda hamyon va shaxsiy buyumlaringizga e’tiborli bo‘ling !
Hurmatli Toyloqliklar,
Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar, aniq vazifalar belgilab olganmiz.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda har doim Siz aziz fuqarolarimizga ishonamiz.
Murojaatim yakunida, har doimgidek Siz azizlarni yana bir bor hushyorlikka chaqiraman.
O‘z oilamiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraylik !
E’tiboringiz uchun rahmat!
