Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi
2026-07-24 10:00:00 / Korrupsiyaga qarshi kurash

Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi
Korrupsiya har qanday jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi illatlardan biridir. U mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini pasaytirib, investitsiyaviy jozibadorlikka ham putur yetkazadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va jamiyatda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 23-iyunidan kuchga kirgan yangi qonunga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yanada takomillashtirildi. Ushbu tuzilmalar korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shaffoflikni ta’minlash, ichki nazoratni kuchaytirish hamda qonunbuzarliklar yuzasidan tegishli choralar ko‘rishda muhim o‘rin tutadi.
Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylikni mustahkamlash, korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, halollik tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiladigan samarali profilaktik tizim hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining emas, balki har bir fuqaroning ham fuqarolik burchidir. Halollik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillariga amal qilish orqali korrupsiyasiz jamiyatni barpo etish mumkin.
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi
sudya yordamchilari
M. Raximov va I. Yaxyoyev
