Sog‘lom va barkamol avlod – yurt taraqqiyoti va millat poydevoridir!
2026-06-12 10:50:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum aziz toyloqliklar, qadrli yurtdoshlar!
Bugungi kunda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy tarqalishi butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Bu illat inson salomatligiga, oila muqaddasligiga, jamiyat barqarorligiga va mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid solib kelmoqda.
Ayniqsa, yoshlar orasida zararli odatlarning tarqalishi jonajon vatanimiz kelajagi uchun katta xavf tug‘diradi. Mamlakatimizning ertangi kuni, xalqimizning umidi va ishonchi bo‘lgan yosh avlod sog‘lom, bilimli, ma’nan barkamol va vatanparvar bo‘lib voyaga yetkazish oldimizda turgan ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Qadrli ota-onalar!
Farzand tarbiyasi barchamizning muqaddas burchimizdir. Ularning qiziqishlari, atrofidagi muhit va bo‘sh vaqti qanday o‘tayotganiga jiddiy e’tibor berishimiz kerak. Bu borada yoshlarimizni sportga, kitobxonlikka, san’atga, axborot texnologiyalariga va zamonaviy kasb-hunarlarga keng jalb etish orqali ularni turli salbiy ta’sirlardan himoya qilishimiz mumkin.
Muhtaram nuroniylar va hurmatli jamoatchilik faollari!
Sizlarning boy hayotiy tajribangiz va jamiyatdagi obro‘-e’tiboringiz mahallalarimizda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, milliy qadriyatlarimiz va ezgu an’analarimizni targ‘ib qilish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdagi sa’y-harakatlaringiz bugun har qachongidan ham zarur.
Har bir mahallada profilaktika ishlarini kuchaytirish, xavf guruhiga kiruvchi yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etish ayni vaqtda asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Shuning uchun yoshlarimizni madaniy-ma’rifiy tadbirlarga, sport musobaqalariga, mahalla va guzarlardagi jamoat ishlariga keng jalb qilish orqali ularning hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishimiz lozim.
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etuvchi kuchsiz. Har biringiz ilm olishga intilib, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallab, sog‘lom turmush tarziga amal qilishingiz zarur. Zararli odatlar va giyohvandlikka qarshi qat’iy pozitsiyada bo‘lib, o‘zingiz va tengdoshlaringizni bunday xavflardan asrashga hissa qo‘shing.
Ishonamanki, barchamiz hamjihatlik va birdamlikda harakat qilsak, farzandlarimiz uchun sog‘lom muhit yaratamiz, mahallalarimiz tinchligi va osoyishtaligini yanada mustahkamlaymiz hamda jannatmakon yurtimizni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo‘shilishiga munosib hissa qo‘shamiz.
Sog‘lom va barkamol avlod – yurt taraqqiyoti va millat kelajagining mustahkam poydevoridir!
