Toyloq tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining MUROJAATI
2026-06-10 11:30:00 / Yangiliklar

Hurmatli fermerlar!
Tumanimizda lafzi halol dehqon va fermerlarning zahmatli mehnatlari evaziga dalalarda ulkan g‘alla hosili yaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ko‘plab farmon va qarorlar, Siz, aziz dehqon va fermerlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.
Ayni paytda viloyatimizning ko‘plab tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari g‘alla o‘rim-yig‘imini uyushqoqlik bilan olib borib, davlat zaxirasiga ortig‘i bilan don topshirmoqda va yetishtirilgan mo‘l hosil evaziga katta daromadga ega bo‘lmoqda.
Masalan, viloyatdagi ko‘plab g‘allachilik fermer xo‘jaliklari hozirning o‘zidayoq har gektar maydondan 100-110 syentnerdan oshirib, yuksak xirmon ko‘tarishga erishdilar. Jumladan, “Madinabonu dalasi” fermer xo‘jaligi joriy mavsumda 12 gektar maydonda yetishtirilgan g‘alladan har bir gektardan 106 syentner, “Hazrat polvon Usmonov” fermer xo‘jaligi 28 gektar maydondan 110 syentner, “Abu-Sher-Farxod” fermer xo‘jaligi 19 gektarda 105 syentner, “To‘ra Botirov” fermer xo‘jaligi 28 gektar maydonda 108 syentner hamda “Vahob Ravshanov” fermer xo‘jaligi a’zolari joriy mavsumda 35 gektar maydonda yetishtirilgan g‘alladan gektariga o‘rtacha 110 syentnerdan hosil ko‘tarib, davlat xirmoniga belgilangan donni ortig‘i bilan sotishdi va o‘z daromadlarini oshirdilar.
Aziz fermerlar!
Gʻallachilik borasida yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalaning, Prezidentimizning 2026 yil 8 maydagi “Gʻo‘za va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-82-sonli farmoni va boshqa qarorlar bilan Siz fermerlarga qator imtiyozlar berildi. Jumladan:
-bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1 avgustiga qadar to‘liq qoplagan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkt mablag‘lari fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi;
-2026 yil hosilidan boshlab g‘allani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya beriladi;
-2026 yildan bank kreditlarini olmasdan, o‘z mablag‘lari hisobidan yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qiladigan fermerlar uchun shartnomalar asosida subsidiyaning 50 foizi oldindan ajratilashi hamda texnologiyalar o‘rnatilib, ishga tushirilgandan so‘ng qolgan 50 foizi to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yildi;
-davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillarini joriy etildi;
-fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqi berildi;
-donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi kabi imtiyozlar qo‘llanilayotgani tufayli fermerlarning mablag‘lari tejalyapti va iqtisodiy imkoniyatlari oshayapti hamda g‘alladan yuqori hosil olish uchun puxta zamin yaratildi.
Qadrli fermerlar!
Har bir kun g‘animat ekanligini teran his etgan holda quyidagi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni unutmang!
birinchidan, yetishtirgan hosilni qisqa muddatlarda yig‘ishtirib oling, hatto bir kun bo‘lsa-da, o‘rimni kechiktirsangiz, har kuniga bir syentnerdan hosildorlik yo‘qotishingiz mumkin. Gʻallani davlat zaxirasiga sotib, zimmadagi majburiyatingizni to‘liq bajarishga erishing va davlat jamg‘armasidan olingan imtiyozli kreditlarni o‘z vaqtida qaytarib, 4 foizli imtiyozga ega bo‘ling;
ikkinchidan, har gektar maydondan 100 syentnerdan va undan ortiq hosildorlikka erishib, yuqori daromad oling;
uchinchidan, g‘alladan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalab, daromadli va eksportbop ekinlarni ekishni tashkil eting;
to‘rtinchidan, mahallangizdagi kam ta’minlangan oilalarga, yoshlarga hamda xotin-qizlarga takroriy ekin ekish uchun yer ajratib, saxovatpeshalik qilishni unutmang;
beshinchidan, mamlakatimiz aholisini sifatli non va non mahsulotlari bilan ta’minlashda beminnat hissa qo‘shing.
Xalqimizning farovon yashashi va dasturxonimizning to‘kin-sochin bo‘lishi, bozorlarimiz non va non mahsulotlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi aynan Sizning bugungi g‘alla o‘rimini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga va davlat zaxirasiga sotishga bog‘liqligini unutmang.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va yuksalishiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni fidoyilik bilan sidqidildan ishlashga chorlaymiz!
Toyloq tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolari
