Bolajonlarga hayot baxsh etuvchi ezgu tashabbus
2026-06-08 12:30:00 / Tibbiyot

Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi ikki nafar bolajon — Hadichabonu Ismoilova hamda Soliha Yo‘ldoshevalarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Toyloq tumani O‘rtaqishloq mahallasida yashovchi, 2022-yilda tug‘ilgan Hadichabonu Ismoilovaga yurakning tug‘ma nuqsoni — bo‘lmachalararo to‘siq defekti tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, uning sog‘lig‘ini tiklash uchun jarrohlik amaliyoti talab etilar edi. Shuningdek, Sochak mahallasida istiqomat qiluvchi, 2023-yilda tug‘ilgan Soliha Yo‘ldoshevaga ham yurakning tug‘ma nuqsonlaridan biri — ochiq arterial yo‘l tashxisi qo‘yilgan va operatsiyaga muhtoj edi.
Qurbon hayiti arafasida Prezidentimiz tashabbuslari asosida har ikki bolajon uchun operatsiya vaucherlari ajratildi. Ushbu imkoniyat tufayli ular Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdilar.
Bugungi kunda Hadichabonu va Solihaning salomatligi yaxshi bo‘lib, ular shifokorlar nazoratida sog‘ayish jarayonini davom ettirmoqda. Farzandlarining sog‘lig‘i tiklanayotganidan oila a’zolari cheksiz mamnun va minnatdor ekanliklarini bildirmoqdalar.
Shu munosabat bilan Toyloq tumani hokimi Behzod Raxmatullayev hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, bolajonlarning holidan xabar oldilar. Ular ota-onalar bilan suhbatlashib, farzandlarning tezroq sog‘ayib ketishlari uchun ezgu tilaklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida bolajonlarga sovg‘a-salomlar topshirilib, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Bunday insonparvarlik va mehr-muruvvatga yo‘g‘rilgan tashabbuslar yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.






