Toyloqning “Qalqon” jamoasi respublika bosqichida g‘olib bo‘ldi
2026-06-04 17:50:00 / Yangiliklar

Musobaqa davomida ishtirokchi jamoalar 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘rtasida Toyloq tumanidagi 17-sonli umumta’lim maktabining “Qalqon” jamoasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabi jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2-o‘rin Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 295-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga, 3-o‘rin esa Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi.
Professional ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 1-son texnikum jamoasi g‘olib deb topildi. Toshkent shahri Sergeli tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi jamoasi 2-o‘rinni, Jizzax viloyati Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jizzax akademik litseyi jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
Musobaqaning yopilish marosimida so‘zga chiqqan Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari N. Kadirov hamda viloyat hokimining o‘rinbosari X. To‘xtayev mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar haqida so‘z yuritib, ishtirokchilarni erishgan yutuqlari bilan tabrikladilar va kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladilar.
Shuningdek, Toyloq tumani hokimligi tomonidan g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tuman hokimi Behzod Raxmatullayev jamoani tarixiy yutuq bilan tabriklab, maktabga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 100 million so‘m pul mukofoti berilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Ozarbayjonda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada ham g‘oliblik qo‘lga kiritilgan taqdirda, jamoa 200 million so‘m miqdoridagi qo‘shimcha pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishini bildirdi.
Tadbir yakunida musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.









