Toyloq tumanida “Amir Temur bog‘i” tantanali ravishda ochildi
2026-04-11 11:45:00 / Yangiliklar

Ushbu ezgu tashabbus yurtimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, buyuk ajdodlar xotirasini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
O‘rtaqishloq mahallasida joylashgan mazkur bog‘ hududi tubdan obodonlashtirilib, uning markazida qad rostlagan Amir Temur haykali qayta ta’mirlandi. Natijada hudud zamonaviy va estetik jihatdan yanada jozibador maskanga aylandi.
Bog‘ning ochilish marosimida tuman hokimi Behzod Raxmatullayev, viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov hamda keng jamoatchilik vakillari, faollar,iqtidorli yoshlar qatnashdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Amir Temurning buyuk sarkardalik salohiyati, uning tarixdagi o‘rni, amalga oshirgan yurishlari, bunyodkorlik ishlari va qurdirgan bog‘lari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, Sohibqiron nafaqat zabardast lashkarboshi, balki yurt obodligi, ilm-fan va madaniyat ravnaqi yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirgan buyuk shaxs sifatida tarixda muhrlanib qolgan.
Tadbirda maktab o‘quvchilari hamda tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etilib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashildi. Ayniqsa, yoshlarning Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari va she’rlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Marosim davomida Amir Temur haykalining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ramziy parda ochilib, buyuk sarkarda siymosi yana bir bor ehtirom ila namoyon etildi.
“Amir Temur bog‘i” nafaqat dam olish maskani, balki yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan faxr va g‘ururni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim ma’naviy maskanga aylandi.









