Prezident Murojaatnomasiga munosabat
2026-01-12 10:20:00 / MUNOSABAT
Prezident Murojaatnomasiga munosabat
Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir yangi O‘zbekistonda qonun, adolat va javobgarlik ustuvor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga taqdim etilgan Murojaatnoma mamlakat taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu tarixiy nutqda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, raqamlashtirish, jamoatchilik nazorati, xavfsizlik va eng muhimi — korrupsiyaga qarshi kurash masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusi yillar uchun aniq va qat’iy vazifalar belgilab berildi.
Prezidentning “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir” degan fikri bugungi kunda davlat siyosatida hech qanday ikkilanish yo‘qligini anglatadi. Bu — faqat shior emas, balki har bir rahbar va davlat xizmatchisi uchun qat’iy ogohlantirishdir. Chunki korrupsiya islohotlarning samarasini yo‘qqa chiqaradi, adolatga bo‘lgan ishonchni yemirib, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘ladi.
Murojaatnomada 2026 yil korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” sifatida e’lon qilinishi — tarixiy qaror, deb hisoblayman. Chunki ilk bor bu illatga qarshi kurash tizimli, markazlashgan va shaxsiy javobgarlikka asoslangan tarzda olib borilishi ochiq aytildi. Barcha davlat idoralarida komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul rahbar o‘rinbosarlari joriy etilishi, Hisob palatasi vakillari faoliyatining kuchaytirilishi bu borada aniq amaliy mexanizmdir.
Ayniqsa, davlat mablag‘lari bo‘yicha “har bir so‘m uchun shaxsiy javobgarlik” tamoyilining belgilab berilgani — jamiyatda adolatli munosabatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu, meningcha, davlat xizmatchisining ongida “bu — davlat puli” emas, balki “bu — xalq puli” degan mas’uliyatni mustahkamlaydi.
Murojaatnomada davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron hukumat platformasini tubdan yangilash, inson omilini keskin qisqartirish masalalari ham korrupsiyaga qarshi kurashning ajralmas qismi sifatida belgilandi. Chunki ochiq, shaffof va raqamlashgan tizim bor joyda korrupsiyaga imkoniyat qolmaydi. Bu jarayonlar mahalladan tortib respublika darajasigacha bo‘lgan barcha qarorlar ijrosini nazorat qilish imkonini beradi.
Prezidentning “Lavozimim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi” degan qat’iy ogohlantirishi davlat idoralarida yangi muhitni shakllantirishi shubhasiz. Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank tizimi, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar — hech bir tuzilma nazoratdan chetda qolmasligi ochiq e’lon qilindi. Bu esa qonun ustuvorligining amalda ta’minlanishini anglatadi.
Shuningdek, komplaens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilish korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanishi belgilab berildi. Bu norma, mening sub’ektiv fikrimcha, tizim ichidagi “yashirin qarshilik”larga barham berishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Prezident Administratsiyasi Komplaens xizmati har bir holat bo‘yicha Prezidentga bevosita axborot kiritib borishi esa nazoratning eng yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yil 26 dekabrdagi Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvorligi, adolat va shaxsiy javobgarlikni ta’minlash yo‘lida qat’iy siyosiy irodani namoyon etdi. Endi islohotlar samarasi har bir rahbar, har bir davlat xizmatchisi va har bir fuqaroning halolligi va mas’uliyatiga bog‘liq. Korrupsiyaga qarshi kurash — faqat davlatning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasiga aylanmoqda.
Mirjalol O‘ktamov
Toyloq tumani hokimligi bosh yuriskonsulti.

