KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI
2026-01-07 19:25:00 / Korrupsiyaga qarshi kurash
KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI
Bugungi kunda korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan eng xavfli illatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bois mamlakatimizda ushbu salbiy holatga qarshi tizimli va manzilli kurash olib borilmoqda. Mazkur jarayonda korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, balki uni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday muhim masalalar Toyloq tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan yig‘ilishda atroflicha muhokama qilindi. Unda tuman hokimi o'rinbosari, tuman DXX vakili, tuman prokuraturasi xodimlari, hamda tibbiyot muassasalari rahbarlari, katta hamshiralar, bo'lim boshliqlari va xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashish masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Ayniqsa, aholiga eng yaqin bo‘lgan va inson salomatligi bilan bevosita bog‘liq tibbiyot sohasida korrupsiyaga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish maqsadida tuman adliya bo'limi boshlig`i Murojaatnomada keltirilgan korrupsiyaga qarshi keskin kurashish borasida davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan so'zlarga alohida to'xtalib o'tdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan mutasaddilar tibbiyot xodimlari tomonidan xizmat vazifasini suiiste’mol qilish, noqonuniy to‘lovlar yoki befarqlik holatlariga yo‘l qo‘yish jamiyat ishonchiga putur yetkazishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, har bir tibbiyot xodimi “inson salomatligi – eng oliy qadriyat” ekanini chuqur anglab, o‘z lavozimiga vijdonan yondashishi lozimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki har bir soha xodimi, jumladan tibbiyot xodimlarining ham shaxsiy mas’uliyati muhim ekani qayd etildi. Halol mehnat, kasbiy etika va qonunlarga qat’iy rioya etish korrupsiyaga qarshi eng samarali vosita ekanligi alohida e’tirof etildi.







