Кorrupsiya - taraqqiyotimizga to‘siq!
2025-10-28 10:35:00 / Yangiliklar

Кorrupsiya - taraqqiyotimizga to‘siq!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatining ilk kunlaridanoq, jamiyatimizda korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha huquqiy asoslarni yaratishga katta e’tibor qaratdi.
Sh.M.Mirziyoyevning 2016 yilgi saylovoldi dasturida korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali hal etish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Shuningdek, Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan kiritilgan "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonun 2016 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, ushbu qonun 2016 yil 13 dekabrda Senat tomonidan ma’qullangan va ushbu qonun 2017 yil 3 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan.
Ushbu qonunga ko‘ra, Korrupsiyaga quyidagicha ta’rif berildi, ya’ni korrupsiya - shaxsning o‘z lavozimi yoki xizmat vazifasidan shaxsiy manfaatlari yoki boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda o‘zgaga berishdir.
2. 2017-yil 2-fevralda Prezidentning "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilinib, ushbu qaror bilan
- 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi,
- boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya tarkibi hamda
- korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya Nizomi tasdiqlandi.
2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturida ko‘rsatilgan sudlar faoliyatiga bevosita bog‘liq chora-tadbirlardan biri sifatida sudlarning odil sudlovni amalga oshirish faoliyatining samaradorligi va shaffofligini ta’minlash, sud qarorlari bazasi hamda bankini tashkil etish, ularni sud organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish yo‘li bilan ta’minlash belgilangan.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi tasdiqlandi.
Harakatlar strategiyasining ikkinchi yo‘nalishi, ya’ni qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini jadallashtirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalardan biri sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy huquqiy mexanizmlarini jadallashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish etib belgilandi.
4. Keyinchalik, 2019-yil 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-5729-sonli Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan "2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish" davlat dasturi qabul qilindi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari boshchilik qiladigan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
Bundan tashqari, mazkur farmonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida
sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, sudyalarga har qanday tarzda qonunga xilof tarzda ta’sir o‘tkazish holatlarini bartaraf etish etib belgilandi.
2019-2020 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturida ko‘rsatilgan sudlar faoliyatiga bevosita aloqador chora-tadbirlardan biri sifatida
axborot texnologiyalari hamda kommunikatsiyalaridan foydalanish orqali sudyalarni ochiq, oshkora tanlash va tayinlash mexanizmlarini faollashtirish, xususan, tanlov natijalarini ommaviy axborot vositalarida, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining veb-saytida e’lon qilish, sudyalarning aniq aks ettirilgan oshkora mezon va tartiblar asosida baholanishini ta’minlash belgilangan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi "O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Ushbu Farmon bilan agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini aks ettirishi hamda amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanishi, o‘z faoliyatini boshqa davlat organlari, tashkilotlar ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil amalga oshirishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunishi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisob berishi belgilandi.
Bundan tashqari, kkorrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilib, agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilandi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-sonli "Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingan.
Mazkur Farmon bilan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli "Korrupsiyaga qarshi shafqatsiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish hamda bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingan.
Mazkur Farmon bilan "2021-2022 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish" davlat dasturi qabul qilingan.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2021 yil 18 noyabr kuni "O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi faollashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun imzolandi va ushbu qonunning o‘zida qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.
Ushbu qonunda o‘rin olgan asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar quyidagilardan iborat:
- Jinoyat-ijroiya kodeksida, "Jinoyat ishini yuritishda qamoqda saqlash qoidalari to‘g‘risida"gi hamda "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi qonunlarda korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishini o‘rganish hamda tahlil qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yildi.
- "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida"gi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risidagi hamda "Parlament nazorati to‘g‘risida"gi qonunlarda Qonunchilik palatasi hamda Senatning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra:
Qonunchilik palatasi hamda Senat Milliy ma’ruzani dastlabki tarzda ko‘rib chiqib, fikr va takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, Palata majlislarida majburiy muhokama qiladi, Parlament palatalarining Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish bo‘yicha qabul qilgan qarorlarini Agentlikka yuboradi.
- BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida 2008-yil 7-iyulda qabul qilingan qonunda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni boshqa davlatlarga ko‘maklashadigan organlar qatoriga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham kiritildi.
-O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi, xususan;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari qatoriga kiritilmoqda hamda uning vakolatlari nazarda tutilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi etib qayta tashkil etilishiga oid tegishli normalar kiritildi.
- "Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar ro‘yxatiga kiritildi hamda uning ushbu sohadagi vakolatlari belgilandi.
- kelgusida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berayotgan shaxslar va ularning qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida kelgusi besh yil uchun ustuvor vazifalarni belgilash, "Harakatlar strategiyasidan - Taraqqiyot strategiyasi sari" degan bosh g‘oyani amalga oshirishda korrupsiya masalasiga to‘xtalar ekan, so‘nggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini ta’kidlab, Prezident "Bundan buyon taraqqiyot kushandasi bo‘lgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz, bunda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv chora-tadbirlarni ko‘rish zarur. Shu asosda korrupsiyaning faqat oqibatlari, sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshiriladi" deb ta’kidladi.
Prezidentning ushbu fikrlari, ya’ni korrupsiyaning oldini olishda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv chora-tadbirlarni ko‘rish, ya’ni korrupsiyaning sabablarini oldindan erta bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar amalga oshirish kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan davlat siyosatining yo‘nalishini belgilab berdi, deb hisoblayman.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sud sudyasi
G.Baynazarova
