Taxtako‘pir tumani hokimi Adilov Jambul Agitaevichning tuman aholisi, aziz yoshlarimiz va ota-onalarga murojaati
2026-06-23 17:15:00 / Yangiliklar

Taxtako‘pir tumani hokimi Adilov Jambul Agitaevichning tuman aholisi, aziz yoshlarimiz va ota-onalarga murojaati
Narkotik va psixotrop moddalar – kelajagimizga tahdid!
Hurmatli tumanimiz aholisi, qadrli yoshlar!
Bugungi kunda butun dunyo qatori yurtimizda ham narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Bu illat inson salomatigi, oilalar tinchligi va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘diradigan eng dolzarb muammolardan biridir.
Ayniqsa, yoshlarimizni turli aldov va yolg‘on va’dalar bilan o‘z tuzog‘iga tortishga urinayotgan giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqatuvchilarga barchamiz birgalikda qat’iy kurash olib borishimiz zarur.
Aziz yoshlar!
Sizlar mamlakatimizning ertangi kuni, xalqimizning eng katta boyligisiz. Sog‘lom turmush tarziga amal qiling, bo‘sh vaqtingizni sport, ilm-fan va kasb-hunar egallashga bag‘ishlang. Har qanday shubhali takliflar, noqonuniy moddalar yoki ularni tarqatishga oid holatlarga duch kelsangiz, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlarimizning tarbiyasi, ularning kimlar bilan muloqot qilayotgani va bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazayotganiga befarq bo‘lmaylik. Ularni zararli illatlardan asrash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Hurmatli tumanimiz ahli!
Narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq har qanday noqonuniy harakatlarga qarshi kurashishda hushyorlik va fuqarolik mas’uliyatini yanada oshiraylik. Sog‘lom, ma’naviy barkamol va Vatanparvar avlodni tarbiyalash yo‘lida birgalikda harakat qilaylik.
Unutmang, giyohvandlik – hayotga emas, halokatga eltuvchi yo‘ldir!
Adilov Jambul Agıtaevich
Taxtako‘pir tumani hokimi
