"Boysun bahori" folklor festivali yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
2026-05-06 15:55:00 / Yangiliklar

#XUSH_XABAR
Joriy yilning 1-may kunidan Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida milliy madaniyatimiz va boy folklor merosimizni keng targ‘ib etishga qaratilgan nufuzli xalqaro "Boysun bahori" folklor festivali yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Mazkur festival doirasida tashkil etilgan xalqaro tanlovda Taxtako‘pir tumani Madaniyat bo‘limining "Miyras" folklor-etnografik xalq jamoasi munosib ishtirok etib, o‘zining yuksak mahorati, sahna madaniyati hamda milliy qadriyatlarimizni yorqin aks ettira olgan chiqishlari bilan hakamlar hay’ati va tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Xususan, jamoa tomonidan namoyish etilgan "Tusaw kesiw toy" sahna ko‘rinishi hamda qoraqalpoq milliy o‘yinlari asosida yaratilgan kompozitsiyalar o‘zining betakrorligi, tarixiy an’analarga sodiqligi va badiiy ifoda kuchi bilan ajralib turdi. Natijada jamoa faxrli 2-o‘rinni egallab, 2 500 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ushbu yutuq nafaqat jamoaning, balki butun tumanimiz madaniyat sohasi vakillarining fidokorona mehnati, milliy merosimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborining yorqin ifodasidir.
Shu munosabat bilan, "Miyras" folklor-etnografik xalq jamoasini ushbu yuksak natija bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etamiz! Kelgusidagi ijodiy faoliyatlarida ulkan zafarlar, yanada yuksak marralar tilaymiz.




