TALABALAR UCHUN YANGI IMKONIYAT
2025-02-08 12:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda talabalarning savoliga atroflicha javob berildi. Joriy yilning 4 fevral kuni Vazirlik tizimida stajirovka o‘tash istagini bildirgan 53 nafar talabalar uchun tanlovning test bosqichi o‘tkazildi.
Test bosqichidan saralangan talabalar uchun 7 fevral kuni Vazirlikning maxsus komissiyasi tomonidan suhbat o‘tkazildi. Suhbat natijalariga ko‘ra, munosib deb topilgan 17 nafar talabani Vazirlik va uning tizim tashkilotlarida stajirovka amaliyotini o‘tashni tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Bugungi kunda Vazirlik va uning tizim tashkilotlarida davlat xizmatining jozibadorligini yanada oshirish, xodimlarning qo‘nimsizlik darajasini kamaytirish, ularning mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasini munosib qo‘llab-quvvatlashga jiddiy e’tibor qaratilayapti.
Bu borada Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida oliy ta’lim muassasalari hamda Vazirlik o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish, eng salohiyatli va bilimli bitiruvchilarni seleksiya qilish, nomzodlarni Vazirlikda stajirovka o‘tash uchun jalb qilish hamda “ustoz-shogird an’anasi” asosida tajribali ustoz-mentorlarga biriktirish, shuningdek stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarni tanlov asosida tizim tashkilotlariga ishga qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Shu ma’noda, kelgusida ham oliygohlarning bitiruvchi kurslarida tahsil olayotgan qobiliyatli yoshlarni saralash va ularni tizim tashkilotlarida stajirovkasini tashkil etish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi.
Xurshid LAPASOV,
Suv xo‘jaligi vazirligi
Inson resurslarini rivojlantirish
va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i