Qanday oziq-ovqatlar kuchli allergiyaga sabab bo'ladi?
2025-02-22 09:30:00 / Yangiliklar

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova kuchli allergen hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlari haqida ma'lumot berdi.
— Bolalarda bu turdagi kasallik rivojlanishiga ko'p hollarda onaning homiladorlik yoki emizikli davrida noto'g'ri ovqatlanishi sabab bo'ladi, — deydi mutaxassis.
— Qolaversa, go'dak sun'iy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tug'ilsa yoki oshqozon-ichak, o't, jigar xastaliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin.
Sigir suti — kuchli allergiya qo'zg'atuvchi mahsulot hisoblanadi. Tarkibida f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud. Ularga 5-6 yoshgacha bo'lgan o'g'il-qizlarda allergiya kuzatiladi.
Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomueoid, ovotransferrin va ovomusin oqsillar guruhlarini o'z ichiga oladi. Bu moddalar molekulyar darajada o'rganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari reaktsiyalarni yuzaga keltirishi ma'lum bo'ldi.
Baliq — kuchli allergen. Uning go'shtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi o'rganishlar uning tarkibida Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.
Bug'doy va soya ham ba'zida allergik reaktsiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, soya tarkibini molekulyar darajada o'rganish natijasida uning tarkibida Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi aniqlandi.
Go'sht mahsulotlari orasida esa parranda va ot go'shti boshqalariga nisbatan ko'proq allergen xususiyatga ega.
Tsitrus mevalar, qulupnay va ertut ham ko'proq allergiya qo'zg'aydi. Yong'oqqa allergiyasi bo'lganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham ta'sirchan bo'ladi.
Kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab bo'luvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi eryong'oqdir. Bu mahsulot ko'p hollarda anafilaktik reaktsiyani keltirib chiqaradi.
Undan so'ng turli xil yong'oqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar ro'yxatidan joy olgan.
Oziq-ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan yoki bunga moyil kishilar shifokorlar ko'rigidan o'tib, ularning tavsiya va ko'rsatmalariga qat'iy amal qilishlari lozim.
Hozir markazimizda kasallikka aniq va tezkor tashxis qo'yish hamda uni samarali davolash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.