SSV: Parkinson, tutqanoq kabi kasalliklarni jarrohlik yo'li bilan davolash tatbiq etiladi
2025-01-30 17:00:00 / Yangiliklar
— Markazimizda 406 turdagi tibbiy xizmatlar ko'rsatiladi, ulardan 62 tasi yuqori texnologiyali, — deydi muassasa direktori G'ayrat Kariev. — O'tgan yili 2585 ta operasiya o'tkazilgan bo'lib, ulardan 1579 tasini yuqori texnologik amaliyotlar tashkil etdi.
Xususan, bu erda bir nechta operasiyalar ilk bor o'tkazildi. Endoskopik transnazal o'smani olish va miya qattiq pardasi plastikasi, gidrosiringomielitik kistalar bilan birgalikda kechadigan orqa miya o'smalarini davolash, afaziyani baholash, intraoperasion miya markazlarini xaritalash shular jumlasidandir.
Yana bir noyob operasiya 36 yoshli bemorda bajarildi. Bosh miyaning nutq markazi sohasida joylashgan o'sma yangicha — "uyg'oq" jarrohlik uslubida, ya'ni amaliyot davomida bemor es-hushini saqlagan, og'riq his etmagan holatda muvaffaqiyatli olib tashlandi.
Markazning 34 nafar shifokori Germaniya, Ispaniya, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Misr, Indoneziya, Hindiston, Qozog'istonda malaka oshirib qaytdi. Shuningdek, Xitoy, Rossiya, Isroil va Qozog'istondan kelgan shifokorlar bilan birgalikda ko'rgazmali operasiyalar, qo'shma mahorat darslari o'tkazildi.
Muhimi, hududiy filiallarda ham yangi davolash va diagnostika usullari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatida bosh miyaning kavernoz malformasiyasini jarrohlik yo'li bilan olib tashlash, Jizzax viloyatida bosh miya qon tomirlarining stenoz kasalligida ekstra-intrakranial tomir shuntlash, Buxoro viloyatida esa bosh miya arterivovenoz malformasiyasini endovaskulyar yul bilan to'sib qo'yish kabi amaliyotlar joriy qilindi.
Hududdiy filiallar bilan telemedisina yordamida bemorlarni diagnostika qilish va davolash yo'lga qo'yilgan. Bosh miya o'smasi kasalligining yuqori texnologik davosi viloyatlarda ham amaliyotga tatbiq etilganligi tufayli ushbu patologiya bo'yicha markazga murojaatlar 1,5 barobarga kamaydi.
Joriy yilda muassasamizda yangi 5 ta diagnostika va 4 ta davolash usuli joriy etiladi, bulardan: Parkinson kasalligida va harakat buzilishlari kuzatiladigan kassaliklarda bosh miyaning chuqur markazlariga stimulyator o'rnatish, tutqanoq xastaligida xurujlarni kamaytirish maqsadida adashgan nervga stimulyator o'rnatish, bolalarda bosh suyagi vaqtidan oldin bitishini jarrohlik yo'li bilan yangi texnologik uskunalar orqali davolash tatbiq etiladi.
Viloyat filiallarida esa yangi 1 tadan diagnostika va 3 tadan davolash usullarini joriy etish ko'zda tutilgan. Viloyat muassasalaridagi 14 nafar, markazdagi 15 nafar mutaxassis chet davlatlarning nufuzli klinikalarida malaka oshiradi.
Joylarda mahorat darslarini tashkil qilish, aholi skriningi davomida qo'shimcha tekshiruv sifatida Markaziy asab tizimi neyrovizualizasiyasini o'tkazish va uning natijasida kasalliklarni erta bosqichda aniqlash ko'rsatkichini oshirishni maqsad qilganmiz.
Shuningdek, 42 nafar mutaxassis tomonidan 10 ta yo'nalishda ilmiy izlanishlar olib borilib, 8 nafar neyroxirurg doktorlik va nomzodlik dissertasiyalarini himoya qiladi.
Markazning etakchi mutaxassislari yil davomida doimiy tarzda reja asosida viloyatlar filiallariga ilg'or neyroxirurgik amaliyotlarni bajarish uchun jalb etiladi.
Bundan tashqari, yangi texnologiyalarni joriy qilish, tajriba almashish, mahorat darslari hamda hududlarda tibbiy ko'riklar va operasiyalarni o'tkazish maqsadida Rossiya va Qozog'istondan mutaxassislar tashrifi ko'zda tutilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.