SSV: Toshkentda ona va bola salomatligi bo'yicha Markaziy Osiyo submintaqaviy konferentsiyasi o'tkaziladi
2025-01-30 12:10:00 / Yangiliklar
Muloqot avvalida A. Xudayarov X. Klyugeni Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi direktori lavozimiga yana bir muddatga qayta saylangani bilan qutladi hamda unga mas'uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, vazir Markaziy Osiyo mintaqasiga, jumladan, O'zbekistonga qaratilayotgan ulkan e'tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Xans Klyugening o'tgan yilning iyun oyida mamlakatimizga tashrifi sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish borasidagi kelgusi tashabbuslar, galdagi vazifalar va ularni amalga oshirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab olish uchun muhim turtki bo'lgani ta'kidlandi.
Tomonlar ona va bola salomatligini muhofaza qilish, yuqumli bo'lmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish yo'nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Ta'kidlanganidek, O'zbekistonda aholi sonining ijobiy o'sish dinamikasi kuzatilayotgan bo'lib, 37,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning 25 foizi reproduktiv yoshdagi ayollarni tashkil qiladi.
Bu ona va yangi tug'ilgan chaqaloqlar, bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasida hamkorlikni davom ettirish, yuqori sifatli perinatal xizmatlardan foydalanishni ta'minlash zarurligini anglatadi.
Uchrashuvda tomonlar JSST ko'magida Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarining ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo'yicha submintaqaviy konferentsiyasini tashkil etish masalasini muhokama qildilar. Ushbu yirik anjuman sohadagi tibbiy yordam sifatini takomillashtirish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish va institusionallashtirish yo'lidagi to'siqlarni aniqlash imkonini beradi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.