Navbatdagi tadbirkorlar qabuli o`tkazildi
2025-07-07 15:15:00 / Yangiliklar

Navbatdagi tadbirkorlar qabuli o`tkazildi
Video: https://www.youtube.com/shorts/5Z6UGG_NrTM
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek: “Tadbirkor — mamlakat tayanchi, xalq farovonligining asosiy tayanchi. Biz tadbirkorning ishonchi va roziligini qozonishimiz kerak.” Ayni shu g`oyadan kelib chiqib,Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan har bir murojaatga yechim topish, har bir tadbirkorning muammosini yurakdan eshitish va amaliy yordam berish ustuvor vazifaga aylantirilgan.
Shu maqsadda an`anaviy tarzda har dushanba kuni viloyat rahbari Erkinjon Turdimovning tadbirkorlar bilan uchrashuvi o`tkazilib kelinadi.
Bugun Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida o`tkazilgan navbatdagi uchrashuvda 33 ta tadbirkorlik sub`ektidan murojaatlar kelib tushdi. Ularning 22 tasi mas`ul idoralar tomonidan qabulgacha o`rganilib, hal etildi. Qolgan 11 nafar tadbirkor esa o`z muammolarini to`g`ridan-to`g`ri viloyat rahbariga bildirishdi.
Qabul jarayoni nafaqat eshitish, balki hal qilishga qaratilgan yondashuv asosida o`tkazildi. Tadbirkorlarning masalalari turli sohalarni qamrab oldi — mulkiy va moliyaviy nizolar, hududlar o`rtasidagi shartnomaviy kelishmovchiliklar, davlat tashkilotlari bilan hisob-kitob muammolari va boshqalar. Har bir murojaat atroflicha o`rganilib, aniq choralar belgilandi.
Shuningdek, qabul jarayonida viloyat Adliya boshqarmasi va Savdo-sanoat palatasi mas`ullari tadbirkorlarga huquqiy maslahatlar hamda amaliy yo`l-yo`riqlar berishdi.
Qabul yakunida Erkinjon Turdimov barcha darajadagi mutasaddilarga murojaat qilib, “Maqsadimiz – tadbirkorni yugurtirish emas, qo`llab-quvvatlash. Uning ishi yurishsa, yurtimiz rivojlanadi.”deya ta`kidladi.
Bunday ochiq muloqot va amaliy yondashuvlar, albatta, viloyatda tadbirkorlik muhiti yanada yaxshilanishi, ishbilarmonlar ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
