Sirdaryoda "Yoshlar bog‘i" bunyod etiladi
2024-10-31 16:00:00 / Yangiliklar

—"Ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan" elda aziz deyishadi. — deydi “Ahillik” mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarosi, mehnat faxriysi Abduvali bobo Jamolov. —Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof muhit ifloslanishining oldini olish maqsadida boshlangan "Yashil makon" umummilliy loyihasi chin maʼnoda aytganda yaxshi tashabbus bo‘ldi. Ushbu loyihadagi ishlar boshlanmasdan oldin birgina bizning mahallamizda daraxtlar soni barmoq bilan sanarli bo‘lgan bo‘lsa, bugun esa ularning sanog‘iga yetolmaysiz. Dono xalqimizda "Yaxshidan bog‘ qoladi" degan purmaʼno hikmat bor. Oilada farzand tug‘ilsa, unga atab ko‘chat ekiladi. Bino, inshoot qurilsa, albatta, yonida bog‘ yaratiladi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan bizning mahallada yaratilayotgan "Yoshlar bog‘i" kelgusida yoshlar dam oladigan, turli tadbirlarni o‘tkazadigan sevimli maskanga aylanadi. Bundan mahallamiz ahli xursand bo‘lib, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan hasharda faol ishtirok etdik. Yaxshi niyat bilan yerga ko‘chat qadadik.
Sir emas, yil boshida Sirdaryo viloyati va uning hududlariga 9 million 7 ming to‘p mevali va manzarali daraxt ko‘chati qadalgan bo‘lsa, kuz mavsumida yerga 5 million 3 ming dona ana shunday ko‘chatlar qadaladi.
— “Ahillik”da bunyod etilayotgan" Yoshlar bog‘i" kabi bog‘lar nafaqat Guliston shahrida, balki tuman va shaharlar hududlarida 21,5 gektar maydonda "Yashil bog‘lar", 15,2 gektar maydonda " Yashil jamoat parklari", 11,6 gektar maydonda "Yashil belbog‘lar" , "Hokimlik bog‘lari" barpo etiladi,—deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Elmurodov.
Ayni vaqtda sirdaryoliklar "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, yurtni obod, yana-da go‘zal manzillardan biriga aylantirish yo‘lidagi ishlarni o‘z tomorqasi, hovlisi, ko‘cha va mahallasidan boshlab yubordi. Bu ishlarda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan aholi vakillari faol ishtirok etyapti.
