Xonadonga issiqlik, hisob-kitobga aniqlik kerak
2026-10-08 12:10:00 / Majlislar

Shahardagi ko‘p qavatli uylarni RK-1, RK-2 va RK-3 qozonxonalari orqali markazlashgan issiqlik bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi. Avvalo, ta’minotchi korxona hisoblayotgan qarzdorliklar bo‘yicha aholi e’tirozlariga e’tibor qaratildi. Odamlar nima uchun va qancha to‘layotganini bilishi kerak. Har bir hisob tushunarli, har bir to‘lov asosli bo‘lishi zarur. Markazlashgan isitishning afzalliklarini ham quruq gap bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Xonadon qanchalik isiydi, oila qancha xarajat qiladi, qanday tejamkorlikka erishadi — bularni aniq hisob-kitoblar bilan ko‘rsatish kerak. Muhokamada aholiga shu jihatlarni asosli tushuntirish masalasiga ham to‘xtalindi. Chunki odamlar uchun eng muhimi natija: uyida issiqlik, to‘lovida aniqlik bo‘lishi.
