Sirdaryo — investorlar tanlovi, taraqqiyot manzili!
2026-06-10 10:15:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyotida mutlaqo yangi tarmoqlar shakllandi. Xususan, avval deyarli mavjud bo‘lmagan farmatsevtika sanoati bugun strategik ahamiyatga ega sohalardan biriga aylandi. “Reka Med Pharm”, “River Med Pharm”, “Novugen Pharm”, “Temurmedfarm” va “Omonmedfarm” korxonalari tomonidan infuzion eritmalar, tabletka va kapsulalar, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanishga qarshi hamda antibakterial dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Natijada uch mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Kimyo sanoati sohasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. “Sirdaryo Mega Luks” korxonasi bugun polietilen qoplar, turli hajmdagi paketlar, strech va BOPP plyonkalar, spanbond va medblaun kabi mahsulotlarni ishlab chiqarib, nafaqat ichki bozor talabini ta’minlamoqda, balki eksport salohiyatini ham oshirmoqda. E’tiborlisi,
faoliyat boshlangan paytda bor-yo‘g‘i 12 nafar xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda korxonada 2300 nafardan ziyod kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Sirdaryoda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarning yana bir yorqin namunasi — “Pengsheng Industrial Texnopark” faoliyatidir. Ilk bosqichlarda 100 nafar atrofida ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, bugun mazkur majmuada ikki mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlangan. Bu esa investitsiyalar nafaqat ishlab chiqarish hajmini, balki aholining daromadlari va turmush darajasini ham oshirayotganini ko‘rsatadi. Muhimi, ayrim korxonalar faoliyatida vaqt o‘tishi bilan bozor kon’yunkturasi o‘zgarishi, tashqi iqtisodiy ta’sirlar yoki logistika muammolari sabab muayyan qiyinchiliklar ham kuzatilgan. Biroq Sirdaryoda shakllangan sog‘lom biznes muhiti tufayli bunday korxonalar ham yangi bozorlar izlab topdi, mahsulot turlarini diversifikatsiya qildi va yana rivojlanish yo‘liga qaytdi. Natijada ishlab chiqarish quvvatlari tiklanib, ish o‘rinlari saqlab qolindi va hatto ko‘paytirildi. Bu hudud iqtisodiyotining barqarorligi va tadbirkorlik muhitining mustahkamligidan dalolat beradi. Prezidentimiz tomonidan Sirdaryo viloyatini Xitoy taraqqiyot modeli asosida rivojlantirish vazifasi belgilab berilgani ham hududning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirmoqda. Bugungi kunda Xitoyning turli hududlarida Sirdaryoning investitsion salohiyati taqdimotlari o‘tkazilib, ishbilarmon doiralar bilan samarali muzokaralar tashkil etilmoqda. Bu ishlar kelgusida yanada ko‘proq sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi. Joriy va istiqbolli loyihalar ham buning tasdig‘idir. Boyovut tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Tawseet General Trading” kompaniyasi ishtirokida qiymati 500 million dollarlik neftni qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Xovos, Boyovut, Mirzaobod tumanlari va Yangiyer shahrida Vengriyaning “Za-Invest Poultry Kft” kompaniyasi ishtirokida 165 million dollarlik parrandachilik klasteri tashkil etilmoqda.
Sirdaryo tumanida esa Xitoyning “Saic Gm Wuling Automobile” kompaniyasi tomonidan 122 million dollarlik yengil avtomobillar ishlab chiqarish loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Bugun Sirdaryoga sarmoya kiritayotgan investorlar faqat bugungi kunni emas, ertangi taraqqiyotni ham ko‘rmoqdalar. Chunki bu hududda investitsiya uchun qulay muhit, barqaror iqtisodiy siyosat, mehnatsevar aholi va katta istiqbol mavjud. Sirdaryo bugun investorlarni jalb etayotgan hudud bo‘lsa, ertaga mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish nuqtalaridan biriga aylanishi shubhasiz. Shu ma’noda, Sirdaryoga kiritilgan har bir sarmoya — kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
