SIRDARYO VILOYATIDA AXBOROT SIYOSATI: AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR VA KЕLGUSIDAGI RЕJALAR
2026-06-19 18:10:00 / Yangiliklar

Avvalo, media tadbirlar soniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2024 yilda viloyat bo‘yicha jami 314 ta media tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, 2025 yil yakuni bilan ushbu ko‘rsatkich 6247 taga yetdi. Bu davlat organlari faoliyatining ochiqligi va aholi bilan muloqot darajasi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, rahbarlarning xalq oldidagi hisobdorligi kuchaytirildi. Har 15 kunda brifing, matbuot anjumani yoki ochiq muloqotlar tashkil etish orqali davlat xizmatchilarining aholiga hisobot berishi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada davlat organlari va aholi o‘rtasidagi muloqot yangi mazmun kasb etdi.
Televideniye orqali jamoatchilik bilan ochiq muloqot qilish amaliyoti ham yangi bosqichga olib chiqildi. Agar 2024 yilda rahbarlar tomonidan birorta ham jonli efir tashkil etilmagan bo‘lsa, 2025 yil davomida hokimlar va tashkilot rahbarlari jami 97 marotaba jonli efirlarda ishtirok etib, aholiga hisobot berdilar hamda fuqarolarning savollariga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytardilar.
Bosma ommaviy axborot vositalari sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. 2024 yilda viloyatimizda 7 ta gazeta nashr etilgan bo‘lsa, bugungi kunda birgina hokimliklar muassisligida 14 ta gazeta nashr etilmoqda. Hududiy nashrlar orasida “Yangi Sirdaryo” gazetasi eng ko‘p nashr etiladigan gazetalardan biriga aylandi. Shu bilan birga, tahririyatning moddiy-texnik bazasi to‘liq yangilanib, zamonaviy ish sharoitlari yaratildi.
Axborot xizmatlari institutini mustahkamlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Agar 2024 yilda viloyatimizda rasman 48 nafar matbuot kotibi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 65 nafarga yetdi. Matbuot xizmatlarining moddiy-texnik ta’minoti ham tubdan yaxshilandi. Agar 2024 yilda bor-yo‘g‘i 4 ta hokimlik matbuot xizmatida fotoapparat mavjud bo‘lib, birorta matbuot xizmati xizmat avtomobili bilan ta’minlanmagan bo‘lsa, bugungi kunda viloyatimizdagi 11 ta tuman va shahar hokimliklari axborot xizmatlari uchun bir xil va zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi. Har bir axborot xizmati xizmat avtomobili, ikkitadan professional foto va videokamera, “Ronin” stabilizatori, miksher hamda boshqa zarur texnik jihozlar bilan ta’minlandi.
Erishilgan natijalar biz uchun yakuniy manzil emas. Aksincha, ular kelgusi bosqichdagi yanada katta maqsadlar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. 2026–2027 yillarda viloyatimizda axborot siyosati sohasida quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Jumladan, media tadbirlar sonini 2025 yildagi 6247 tadan 2027 yilga qadar kamida 8000 taga yetkazish, rahbarlar ishtirokidagi jonli efirlar va ochiq muloqotlar sonini 97 tadan 130 taga oshirish rejalashtirilgan. Matbuot kotiblari sonini 65 nafardan 80 nafarga yetkazish, ularning malakasini muntazam oshirish va har bir davlat organida kuchli axborot xizmati tizimini shakllantirish vazifasi belgilangan. Davlat organlari va tashkilotlarining ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasini kamida 30 foizga oshirish, tayyorlanayotgan video kontentlar hajmini 40 foizga ko‘paytirish hamda hududiy ommaviy axborot vositalarining raqamli platformalardagi auditoriyasini kamida 50 foizga kengaytirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, jurnalistlar va blogerlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, har chorakda media-tur va press-turlar tashkil etish, yosh jurnalistlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettiriladi.
Kelgusi yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayramiga qadar viloyatimizda zamonaviy “Matbuot uyi”ni tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur markaz jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari va media sohasi vakillari uchun yagona ijodiy va axborot maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar viloyat hokimligi Axborot xizmati huzurida ixtisoslashgan “Media va raqamli texnologiyalarni joriy etish markazi”ni ishga tushirishni rejalashtirganmiz.
Quvonarlisi, mazkur markazni tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tegishli qaror bilan uni tashkil etishga rozilik berildi. Ushbu markaz davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, zamonaviy media mahsulotlar ishlab chiqarish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruviga joriy etish, ijtimoiy tarmoqlar uchun professional kontent tayyorlash, matbuot kotiblari va jurnalistlar malakasini oshirish hamda hududning yagona media strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha ixtisoslashgan platforma vazifasini bajaradi.
Bu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida Sirdaryo viloyatida davlat organlarining axborot siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib, raqamli kommunikatsiyalar va zamonaviy media boshqaruv tizimi shakllanadi. Bizning asosiy maqsadimiz — davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli muloqotni yanada mustahkamlash, har bir fuqaroning ovozi eshitiladigan, har bir rahbar xalq oldida hisob beradigan, ochiqlik va shaffoflik ustuvor bo‘lgan tizimni shakllantirishdir.
Ishonchimiz komilki, amalga oshirilayotgan islohotlar va belgilab olgan maqsadlarimiz natijasida Sirdaryo viloyati mamlakatimizda axborot siyosati, ochiqlik va zamonaviy media muhitini shakllantirish bo‘yicha yetakchi hududlardan biriga aylanadi. Viloyat hokimining Axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi M.B.Mirzayevning media-forumdagi nutqi





