Sirdaryoda zamonaviy sutchilik chorvachiligining kelajagi namoyish etildi
2026-05-13 15:55:00 / Yangiliklar
Sirdaryo tumanidagi “Sulton” fermer xo‘jaligi bazasida O‘zbekiston Chorvachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish ma’muriyati (RDA) hamkorligida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilariga sutchilik yo‘nalishidagi eng so‘nggi texnologiyalar, ya’ni yuqori naslli qoramol genetikasi, embrion ko‘chirish texnologiyalari, robotlashtirilgan sog‘ish tizimlari va fermani boshqarishga mo‘ljallangan zamonaviy raqamli yechimlar taqdim etildi.

Ayniqsa, ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar orqali sut mahsuldorligini oshirish, nasl sifatini yaxshilash hamda fermer xo‘jaligi samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tajribalar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kunda “Sulton” fermer xo‘jaligi innovatsiya, ilm-fan va amaliy tajriba uyg‘unlashgan mamlakatdagi eng namunaviy chorvachilik majmualaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
