Agrar sohada amaliy muloqot
2026-04-29 11:20:00 / Yangiliklar
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov agrar soha vakillari bilan uchrashdi. Suhbat davomida asosiy e’tibor mavsumiy ishlarga qaratildi.
Shinjon usulida paxta yetishtirish, pilla boqish ishlarining borishi, kartoshka ekilishi va yaqinlashib kelayotgan g‘alla o‘rimiga tayyorgarlik masalalari birma-bir ko‘rib chiqildi. Kombaynlarni o‘z vaqtida tayyor holatga keltirish, texnika va tashkiliy ishlar bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar berildi.

Fermerlarni qiynab kelayotgan masalalar ham ochiq muhokama qilindi. Har bir murojaat bo‘yicha yechim topish, joyida yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab olindi. Uchrashuv yakunida sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish va mavsumni beto‘xtov o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.
