Xovosdagi ochiq muloqot: Daromadmi yoki qarz
2026-04-15 14:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda navbatchi gaplar chetga surildi. Hokim fermerlar oldiga eng asosiy shartni qo‘ydi: hech kimdan bir tiyin qarz bo‘lmaslik! Fermer davlatdan yoki ta’minotchidan qarzdor bo‘lib, boshini egib yurmasligi kerak. Tejamkorlik va to‘g‘ri hisob-kitob bo‘lgan joyda foyda ham bo‘ladi. Yerdan bir yilda ikki-uch marta hosil olish, qator oralariga qo‘shimcha ekin ekish bu yerning kuchidan to‘liq foydalanish degani. Bu jarayonda fermer yolg‘izlanmaydi. Ta’minotchi tashkilotlar zimmasiga dehqonning muammosini tezkor yechish vazifasi yuklandi. Suv, o‘g‘it yetkazib berish va moliyaviy ko‘mak borasidagi majburiyatlar endi so‘zsiz bajariladi. Tezkorlik va sifat ta’minotchilar uchun asosiy talab. Dunyo o‘zgaryapti, bozor o‘zgaryapti. Biz ham o‘zgarishimiz shart! Bugungi suhbatning bosh maqsadi shu bo‘ldi. Xovoslik dehqonlar endi nafaqat paxtakor, balki biznesmendek fikrlashni boshlashadi. Har bir qarich yer bu daromad manbai. Muloqot davomida fermerlar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ham ochiq aytishdi. Va’dalar emas, yechimlar kerak. Xullas, Xovosda yangi mavsum uchun katta qadam tashlandi. Maqsad aniq: kam xarajat, ko‘p hosil va albatta qarzsiz kelajak. Bugungi kelishuvlar natijasini esa tez orada to‘lgan xirmonlarda ko‘ramiz.
