Muzlab qolgan» aktivlardan ishlaydigan biznesga
2026-03-25 15:15:00 / Yangiliklar
Bo‘sh turgan binolar bank hisobotlaridagi shunchaki raqam bo‘lib qolmasligi kerak, ular iqtisodiyotga foyda keltirishi shart. Bugun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tijorat banklari balansidagi va qarzdorlik evaziga o‘tgan obyektlar bo‘yicha tanqidiy tahlil o‘tkazdi.
Taqdimot oddiy hisobotdan ko‘ra, keskin va amaliy muloqotga aylandi. Asosiy talab aniq: “qog‘ozdagi aktivlar”ni ishlaydigan, daromad keltiradigan va yangi ish o‘rinlari yaratadigan real loyihalarga aylantirish.
Muhokamada Erkinjon Turdimov ta’kidladi:

“Bank balansida turib qolgan, ishlamay turgan bino — bu o‘lik resurs. Uni shunchaki saqlab o‘tirib bo‘lmaydi, uni zudlik bilan aylanmaga kiritish kerak. Har bir devor ortida yo‘qotilgan imkoniyatlar bor — budjetga tushum, aholiga xizmat, odamlar uchun ish haqi. Bizning vazifamiz — mol-mulk to‘plash emas, balki uni ishlatadigan, unga hayot bag‘ishlaydigan tadbirkorlarga berish. Obyektlarni ishga tushirish muddatlari aniq va qat’iy bo‘lishi shart, shaxsiy javobgarlik ham. Jarayonni cho‘zishga yo‘l qo‘yilmaydi.” Har bir obyekt bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Binolarning aniq maqsadi belgilandi, mas’ullar biriktirildi va foydalanishga topshirish muddatlari qat’iy qilib qo‘yildi.



