Sport sohasidagi yutuqlar e’tirof etilib, muammolar tahlil etildi
2025-12-19 08:50:00 / Yangiliklar

Taqdirlash marosimidan so‘ng 2025 yilda sport sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ayrim sport maktablarida ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani, xususan olimpiya sport turlari bo‘yicha seleksiya ishlari, mashg‘ulotlar sifati va iqtidorli yoshlarni aniqlash tizimida jiddiy kamchiliklar mavjudligi ochiq aytildi.
Muhokamada yaqinda o‘tgan Prezident olimpiadasi natijalari misol qilib keltirildi. Yengil atletika, sport kurashlari va taekvondo WT turlari bo‘yicha yuqori natijalar qo‘lga kiritilgani ijobiy hol sifatida baholangan bo‘lsa, badiiy gimnastika, stol tennisi, boks, dzyudo kabi bir qator ommaviy va olimpiya sport turlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar mutlaqo qoniqarsiz ekani keskin tanqid qilindi. Bu tayyorgarlik ishlari ayrim yo‘nalishlarda tizimli yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatadi, - deya ta’kidladi viloyat rahbari.
Shuningdek, terma jamoalarga sportchilar yetkazib berish, nufuzli musobaqalarga munosib zaxira tayyorlash masalalarida ham uzilishlar borligi ta’kidlandi. Ayrim hududlarda iqtidorli yoshlar bilan ishlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, murabbiylar faoliyatida tashabbus va mas’uliyat yetishmayotgani tanqid ostiga olindi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mas’ullarga har bir sport maktabi, murabbiy va sport turi kesimida ishlarni qaytadan ko‘rib chiqish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish, ortda qolayotgan sport turlarini rivojlantirish, seleksiya tizimini tubdan isloh qilish hamda murabbiylarning muammo va takliflarini chuqur o‘rganish bo‘yicha aniq vazifa va topshiriqlarini berdi.







