Xalqaro ekspertlar Sirdaryo tumanida istiqbolli rivojlanish loyihalarini muhokama qildi.
2026-07-09 18:00:00 / Yangiliklar

“O‘zbekiston yashash uchun qulay va barqaror shaharlar” dasturi doirasida Sirdaryo tumani hokimligida xalqaro ekspertlar hamda mas’ul tashkilotlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Sirdaryo tumani hokimi Azizbek Turdimurodov ishtirok etib, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mavjud infratuzilma va hududlarni kompleks rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan Janubiy Koreyaning DOHWA Engineering Co., Ltd. kompaniyasi boshchiligidagi xalqaro konsultantlar Sirdaryo tumaniga tashrif buyurib, hududning rivojlanish salohiyati, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini o‘rgandi. Muloqot davomida zamonaviy shaharsozlik yechimlarini joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish, investitsion jozibadorlikni oshirish hamda fazoviy-hududiy rejalar va master-rejalarni ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ta’kidlanganidek, tashrif davomida to‘plangan ma’lumotlar Sirdaryo tumanining uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi va master-rejalarini ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.






