Ekologiya xavfsizlik — davlat va jamiyat barqaror rivojlanishining muhim shartidir.
2026-02-27 20:00:00 / Yangiliklar

Hammamizga ma’lumki, hozirgi globallashuv sharoitida ekologik muammolar insoniyat oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Atrof-muhitning ifloslanishi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillikning qisqarishi jamiyat barqaror rivojlanishiga jiddiy tahdid solmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida ekologik xavfsizlikni ta’minlash konstitutsiyaviy darajada kafolatlangan. Ekologik munosabatlarning konstitutsiyaviy asosi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan bo‘lib, unda fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi mustahkamlangan.
Shu bilan birga Konstitutsiyamizning 62-moddasida, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Endilikda ekologiya sohasidagi huquqbuzarlikni tushunchasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, ekologiya sohasidagi huquqbuzarlik — bu tabiiy resurslardan foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablarini buzish bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy harakat yoki harakatsizlikdir.
Ekologik qoidalarni buzish ko‘p hollarda ma’muriy huquqbuzarlik sifatida kvalifikatsiya qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, ekologik sohasidagi huquqbuzarliklar kodeksining 65-96-moddalarini o‘z ichiga qamrab oladi, bular orasida atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini buzish, suvdan foydalanish tartibini buzish, chiqindilarni noqonuniy joylashtirish, daraxt va butalarni ruxsatsiz kesish, ov va baliq ovlash qoidalarini buzish va boshqalar kiradi.
Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy jaovbgarlik ham belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 14-bob “Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar” deb nomlangan bo‘lib, u o‘z ichiga 193-204-moddalarini qamrab oladi.
Mazkur jinoyatlar orasida ekologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzish, atrof tabiiy muhitning ifloslanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish yoki buzib ko‘rsatish; atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqibatlarini bartaraf qilish choralarini ko‘rmaslik; atrof tabiiy muhitni ifloslantirish; foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish, foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish; yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish; sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik; ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish; o‘simliklar kasalliklari yoki zararkunandalari bilan kurash talablarini buzish; zararli kimyoviy moddalar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish; hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish; suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish; muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish kabi keng tarqalgan.
Ekologik sohasidagi huquqbuzarliklarni kelib chiqishning quyidagi asosiy sabablar hisoblanadi.
Birinchidan, fuqarolarning ekologik madaniyat pastligi;
Ikkinchidan, iqtisodiy manfaat ustunligi;
Uchinchidan, nazorat qiluvchi organlari faoliyatidagi kamchiliklar mavjudligi.
To‘rtinchidan, profilaktik tadbirlar yetarli emasligi.
Ekologik sohasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Birinchidan, ekologik nazoratni kuchaytirish;
Ikkinchidan, raqamli monitoring tizimlarini joriy qilish;
Uchinchidan, maktab va OTMlarda ekologik ta’limni kuchaytirish;
To‘rtinchidan, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish.
Xulosa qilib aytganida, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy xavfli hodisadir. Qonun talablariga qat’iy rioya qilish, javobgarlikni muqarrar ta’minlash va profilaktik choralarni kuchaytirish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo
tuman sudining tergov sudyasi
S.Rustamov
Devonxona mudiri
M.Raimberdiev
