Sirdaryo: suv tejovchi texnologiyalar — agrar samaradorlik omili
2026-02-12 14:00:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, dastlab "Ping Sheng Agro Tech" klasteriga qarashli “Lesso” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Mazkur korxonada suv tejovchi texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Xususan, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun shlanglar, quvurlar, texnik uskunalar hamda transformatorlargacha bo‘lgan jihozlar tayyorlanmoqda. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 20 ming gektar maydonni qamrab olish imkonini beradi. Ayni paytda esa 6 ming gektar yer maydoni uchun yetarli mahsulot ishlab chiqarilgan.
Vazir korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida uning agrar sohada o‘rni katta ekani, ayniqsa suv tejovchi texnologiyalarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali fermerlar xarajatlarini kamaytirish, zamonaviy sug‘orish tizimlarini keng joriy etish hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidladi.
Shuningdek, vazir fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda innovatsion agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, Shinjon tajribasi asosida paxta yetishtirish texnologiyalarini joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish va hosildorlikni oshirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
lbatta, bunday loyihalar agrar sohada zamonaviy texnologiyalar ulushini oshirish, fermerlar samaradorligini kuchaytirish hamda raqobatbardosh mahsulot yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.




