Bosh vazir o‘rinbosari “Muruvvat” ayollar internat uyida
2025-12-31 14:00:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami munosabati bilan Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova Sirdaryo tumanida joylashgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar “Muruvvat” internat uyida bo'ldi.
Muassasada istiqomat qilayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan yashash va parvarish sharoitlari, tibbiy hamda ijtimoiy xizmatlar sifati, reabilitatsiya va sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, shuningdek, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishildi. Bayram tadbiri doirasida internat uyida yashovchi ayollarga bayram sovg‘alari topshirilib, ularga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatildi.
Ma’lumot uchun, mazkur “Muruvvat” internat uyida hozirgi kunda 273 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qiz doimiy parvarish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan qamrab olingan. Muassasada ularning salomatligini mustahkamlash, psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yakunda Zulayho Maxkamova nogironligi bo‘lgan ayollar uchun xavfsiz va qulay muhitni yanada yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligi va hayot sifatini oshirish, shuningdek, bayramlar orqali mehr-oqibat va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi.



