Ma’lumki, yakunlanayotgan yilning 24 dekabr kuni qabul qilingan “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan
2025-12-25 20:00:00 / Yangiliklar
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni mamlakatimizda bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida muhim tarixiy qadam bo‘ldi.
Bu hujjat — faqatgina rasmiy qaror emas, balki har bir bolaning tinch, sog‘lom va baxtli bolalikka bo‘lgan haq-huquqini himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli davlat dasturidir.

Sababi bolalar — jamiyatning eng nozik va himoyaga muhtoj qatlami. Afsuski, hayotda bolalar turli xil zo‘ravonlikka duch kelishi mumkin:
• oiladagi qattiqqo‘llik,
• maktab yoki ko‘chadagi tahqirlash,
• internetdagi bosim va qo‘rqitish,
• beparvolik yoki e’tiborsizlik.
Avval ham bolalarni himoya qilishga qaratilgan qonunlar bor edi, ammo yangi farmon muammoga tizimli va uzoq muddatli yondashuvni taklif etadi. Ya’ni, oqibat bilan kurashish emas, balki zo‘ravonlikning oldini olish asosiy maqsad qilib olindi.
Chunki 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan mazkur strategiyaning bosh maqsadi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ular uchun xavfsiz muhit yaratish va huquqlarini to‘liq ta’minlashdan iborat qilib belgilandi.
Bu degani:
• har bir bola o‘zini himoyalangan his qilishi kerak;
• bolaning ovozi eshitilishi lozim;
• muammoga duch kelgan bola yordamsiz qolmasligi shart.
Shu o‘rinda mazkur strategiyadagi muhim yangiliklar haqida to‘xtalsak:
1. Barcha qarorlar qabul qilinishida “bolaning eng yaxshi manfaati” asosiy mezon qilib belgilanadi. Ya’ni, har qanday chora bolaga zarar emas, naf keltirishi kerak.
2. Farmon faqat jazolashni emas, balki:
• ota-onalarni tarbiya masalasida o‘qitish,
• maktablarda psixologik xizmatlarni kuchaytirish,
• bolalarga o‘z huquqlarini o‘rgatish
kabi profilaktik choralarni kuchaytiradi.
3. Davlat idoralari hamkorligi ham e’tiborga olinib, endi bolalar bilan bog‘liq muammolar ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, ijtimoiy himoya
idoralari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikda hal etiladi.
4. Zo‘ravonlikka uchragan yoki xavf ostidagi bola kimga murojaat qilishni, qaerdan yordam olishni
aniq bilishi uchun oson va ishonchli tizimlar yaratiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Farmon ijrosini ta’minlash jarayonida har bir inson bolani tarbiyalash — faqat oila ishi emas, butun jamiyat mas’uliyati ekanligini tushunib yetadi. Ya’ni bu hujjat orqali davlat bolani eshitadi, himoya qiladi, har bir voyaga yetmagan shaxs uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Qabul qilingan qarorga muvofiq, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi hamda uni 2026–2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Hujjatda O‘zbekistonning Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish bo‘yicha global alyans a’zoligi hamda Bogota harakatlar chaqiruviga qo‘shilgani qayd etilgan. Strategiya bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishni maqsad qiladi.
2026 yil 1 fevraldan boshlab zo‘ravonlikka uchragan yoki ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bunday oilalar maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi, bolalar esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali shartnoma asosida joylashtiriladi. Tutingan oilalarga har bir bola uchun oylik to‘lov va bolaning yashash xarajatlari davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, dastlab Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida, keyinchalik boshqa hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun kichik hajmli ijtimoiy ko‘mak markazlari faoliyati tashkil etiladi. Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar alohida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilishi mumkin.
2026 yil 1 sentabrdan esa zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bunday ishlar bo‘yicha sudga qadar va sud jarayonlarida vasiylik va homiylik organlari ishtirok etishi majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, bolalarning dastlabki ko‘rsatuvlari videoyozuv orqali qayd etiladi, zo‘ravonlik faktlari haqida xabar bermagan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya xodimlari uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Qarorda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar va ularning oilalari uchun “mehrli oila” xizmati, oilaviy terapiya, ta’lim muassasalariga qo‘shimcha kvotalar ajratish kabi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Shuningdek, bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha yagona elektron platforma yaratiladi. Bu tizim davlat idoralari o‘rtasida ma’lumot almashish, yagona statistik hisob yuritish va har bir holatni bosqichma-bosqich nazorat qilish imkonini beradi.
Mazkur qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar belgilanib, bolalar bilan ishlovchi tergovchi, prokuror, sudya va ijtimoiy soha xodimlarining maxsus tayyorgarligi va malakasini oshirish ham nazarda tutilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Sirdaryo tuman sudining raisi B.Qoraev
