Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!
2025-11-20 16:00:00 / Yangiliklar

O‘tmishi daryodan ham qadimiyroq bo‘lgan, to‘zonlaru to‘fonlar ichida bovliqday eshilib, nihoyat 1963 yilda viloyat sifatida tashkil top¬gan bo‘lsa ham, farog‘at topmagan Sirdaryoda 2016 yilga qadar paxta tozalash, don va yog‘-moy korxonalaridan boshqa bironta sanoat inshooti yo‘q edi-da, axir! Yo‘q edi, hatto tuzuk¬roq qo‘rg‘on ham. Shunday g‘arib va ko‘rimsiz edi shimoldan Qozog‘iston Respublikasi, sharqdan Toshkent viloyati, janubdan Tojikiston Respub¬likasi va g‘arbdan Jizzax viloyatiga tutashib ketgan, qariyb 4,3 ming kilometr maydonni egallovchi qutlug‘ makonning rangu raftori.
So‘nggi 7-8 yilda asar ham qolmadi mash’um quroq manzaralardan. O‘zgardi. Tamomila o‘zgarib ketdi o‘zbekning qadimiy vohasi. Ildizi 3000 ming yildan ham uzoq zamonlarga tutash Sirdaryo zaminiga bobo quyosh boshqacha nur socha boshladi go‘yo. Daryo hayratlarga ko‘mildi, dashtlarida jiydalar gulladi, qizg‘aldoqlar xandon otdi, bo‘tako‘zlar sollandi qirg‘og‘u sohillarida.
Tanib bo‘lmay qoldi Guliston, Yangier, Baxt, Shirin degan ko‘rimsiz shaharlarni. Osmono‘par binolar, ko‘rkam bog‘lar, yirik korxonalar paydo bo‘ldi. Minglab sanoat, qishloq xo‘jaligi inshooti qurildi, ko‘plab savdo va bosh¬¬¬qa tarmoqlarga doir manzillar «qamishdan belni bog‘lab», ishga tushdi.
Mo‘jizalar mo‘jizalarga ulandi, ajdodlar hatto xayol ham qilolmagan ishlar yuz beraverdi. «Sirdaryoga investitsiya kiritmaysizmi?» desang, labini jiyiradigan dunyoning badavlat sarmoyadorlari million-million dollarlarni belboqqa tugib, «Qaydasan, Sirdaryo!» deya otga mindilar. Birgina Saudiya Arabistonining «ACWA Power» va Turkiyaning «Cengiz Enerji kompaniyalari 1,14 milliard dollar olib keldi. Shu mablag‘ evaziga quvvati 1,7 ming MVt bo‘lgan generatsiya foydalanishga topshirildi. Natijada qurilish materiallari, kimyo, oziq-ovqat sohalari rivojlanib, viloyatda sanoat hajmi 19,3 trillion so‘mdan oshdi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2017 yildagi 155 tadan 1 147 taga, umumta’lim maktablari 296 tadan 340 taga yetdi. Aholini markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 64 foizdan 88 foizga oshdi. 2 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi, paxta hosildorligi 18,4 sentnerdan 40 sentnerga, g‘allaniki 47 sentnerdan 74 sentnerga yetdi, foydalanishdan chiqqan 34 ming gektar maydon qayta o‘zlashtirildi...
Shuncha zamonlar, davru davronlar o‘tsa ham, shu vaqtgacha nega hech qanday siljish bo‘lmagan edi ulug‘ vohada? Axir yer o‘sha, suv o‘sha, cho‘l o‘sha, odamlar o‘sha-o‘sha edi-ku!
Umuman, nima uchun ayrim mamlakatlar asrlar bo‘yi biyday cho‘lga o‘xshab qaqrab yotadi-yu, ba’zilari yomg‘irdan keyingi gulzorday yashnab ketadi? Mana, misol uchun Janubiy Koreya, Singapur yoki Xitoy. Bu davlatlar so‘nggi 60, 70 yilda samoviy shiddat bilan yuksaldi. Janubiy Koreya nafaqat dunyodagi eng boy mamlakatlarga tenglashdi, balki Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining faxrli a’zolari qatoriga qo‘shildi. Yordamga muhtoj davlatdan xalqaro yordam ko‘rsatuvchi davlatga aylandi. Janubiy Koreya kabi qoloq bo‘lgan Burundi, Gvatemala esa... Xitoy-chi? Bulardan ham g‘aribroq bo‘lgan Xitoy qanday qilib dunyoni lol qoldirmoqda? Javob oddiy: Den Syaopin boshlagan islohotlar! Bu inson shaxsning jamiyat kamolidagi o‘rni naqadar betimsol ekanini o‘zining aqlu tafakkuri bilan isbotladi. Den Syaopin tomonidan 1970 yillarda ilgari surilgan siyosat iqtisodiy karaxt gigantni ozodlikka chiqarib yubordi. Mamlakatda bozor yuritish yechimlari qo‘llab-quvvatlandi, tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Xuddi Prezident Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelishi bilan O‘zbekiston zaminida ulug‘vor evrilishlar boshlanib ketgani kabi...
Garchand Prezidentga mamlakatdagi ahvol besh qo‘lday ayon bo‘lgan esa-da, u kishi xalq ishonch bildirgan kundanoq qishloqma-qishloq, shaharma-shahar yurdi, yana o‘rgandi, yana izlandi, yana qiynadi shirin jonini. Qayta-qayta bordi viloyatlarga, tumanlarga, qish¬loqlarga, ovullarga. O‘n olti marta tashrif buyurdi Sirdaryoning o‘ziga. O‘tar-qaytardagi to‘xtab o‘tishlar bu hisobga kirmaydi. Son-sanoqsiz kashfiyotlarga asos solindi tashriflar jarayonida.
Shu o‘rinda kashfiyot iborasiga ozroq izoh berish lozim ko‘rinadi. Odatda kashfiyot deganda darrov ilmu fan olamida yaratilgan ixtirolar keladi xayolimizga. Qolaversa, olamda bir-biridan sirli, o‘rganilmagan jumboqlar, yaratilmagan ixtirolar hali ko‘p. Faqat topish kerak ularni. Hamma gap shunda. Shundan boshlanadi eng chuqur joylarda berkinib yoki ko‘milib yotgan zaxiralarni kashf etish ham. Ichingda mud¬rab yotgan imkoniyatlarni uyg‘otish ham hech qaysi kashfiyotdan kam emas aslida.
Turli sabablarga ko‘ra, chang-qum bosgan yoxud chala qolgan sohalar sanoqsiz edi Sirdaryoda. Ammo ko‘milgan xazinalar qopqasini ochib, viloyatni mamlakat taraqqiyotida yetakchi hududlardan biriga aylantirish imkoniyatlari mo‘l edi. Uyg‘otish, ishontirish, yangilik yaratishga chorlash zarur edi odamlarni. To‘qqiz emas, to‘qson marta o‘lchab, bir marta kesadigan sharqona aql-idrok talab qilinardi bunday paytda karvon yetakchisidan.
Xudoyim suygan bandasiga munosib ko‘radi ulug‘ salohiyatni. «El boshiga kun tushsa, el yaratgan er kelar» degan hikmat bejiz dunyoga kelmagan ekan. Davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston degan katta ro‘zg‘orning muammolari ipidan ignasigacha chuqur tahlil qilinganidan keyin «Yangi O‘zbekiston» daryolarining bugunidan to Uchinchi Renessans ummoniga borib quyilishigacha bo‘lgan mukammal dastur yaratildi. Har bir hududda, jumladan, Sirdaryoda ham nimalarga e’tibor qaratish zarurligi aniq-tiniq belgilandi. Bu rejalarni amalga oshirish uchun qancha kuch, mablag‘, investitsiya, xullas, yurtni qalqitish uchun nimaiki kerak bo‘lsa, hamma-hammasi aniq-tiniq hisob-kitob qilindi.
Shu tarzda viloyat tarixi zarvaraqlarida yangi sahifalar ochila boshladi, yangi tashabbus¬lar qanot chiqardi. Quyuq tumandan so‘ng quyosh charaqlab nur taratgani kabi manzaralar yuz bera boshladi Sirdaryoda.
Birgina Xovos shaharchasidagi o‘zgarishlarning o‘zi katta-katta dostonlarga munosib mavzu bo‘ladi.
Tarixdan ayonki, Farg‘ona, Choch va So‘g‘dga boradigan savdo yo‘lining chorrahasida joylashgani tufayli Xovos qo‘rg‘oni miloddan oldingi IV asrlarda ham yuksak mavqega ega bo‘lgan. «Havas qilsa arziydigan joy ekan», deganlar Sohibqiron bobomiz Amir Temur Xovosni. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdurahmon Jomiy, Xoja Ahror Valiylarning izlari bor bu qadim tuproqda. Afsuski, faxrlansa arzigulik shunday manzil ham 7-8 yil avval ko‘rimsiz ahvolga tushib qolgan edi.
Prezidentimiz 2019 yil 19 fevral kuni viloyatga tashrifi chog‘ida Xovosga borib, so‘ng¬¬gi ellik yil davomida bironta ko‘p qavatli uy tugul, hatto kaptarxona ham qurilmagan qo‘rg‘on bilan, eski, tor va zax uylarda yashayotgan odamlarning turmush tarzi bilan tanishadi. Shu asnoda shaharchaning yangi bosh rejasi tasdiqlanib, «Mirzacho‘l tajribasi» asosida bunyod etiladigan Yangi Xovosga tamal toshi qo‘yiladi. Qo‘rg‘oncha uchun katta yo‘lning o‘ng qanotidan 42 gektar hudud ajratiladi. Loyihaga muvofiq, u yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining binolari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turarjoylar, maktab¬lar, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo markazi va maishiy xizmat shoxobchalari qurilib, yo‘l infratuzilmasi rivojlantirilishi, aholi va transport uchun qulayliklar yaratilishi belgilanadi.
Oradan uch oy o‘tar-o‘tmas, o‘sha yil 7 may kuni, Prezident topshiriqlarining ijrosi doirasida, Vazirlar Mahkamasining Xovos tumani markazini rivojlantirishga oid alohida qarori qabul qilindi. Shu tariqa 27 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Xovos tarixida yangi davr boshlandi.
Besh oy o‘tib, 2019 yilning 18 iyulida Prezident yana Xovosga keldi. Bu paytda maxsus ajratilgan hududda 760 ta kvartiradan iborat 30 ta ko‘p qavatli va 150 ta bir qavatli uylarni qurish ishlari jadal davom etayotgan edi.
Bugun Xovosga qadami yetgan kishi turnaqator uylarda porlab turgan chiroqlarni, zamonaviy maydonchalarda yayrab o‘ynayotgan bolalarning shodon kulgilarini, san’at va musiqa maktabi tomondan eshitilayotgan dilbar ohang¬larni, kaftdek tekis yo‘laklarda suhbatlashib borayotgan oqsoqollarning yuz-ko‘zlaridagi sevinchlarni ko‘rib, qalbi quvonchga to‘ladi.
Faqat Xovos emas, Prezident tashriflari viloyatning hamma tuman va shaharlarida bir-biridan havasli o‘zgarishlar yuz berishiga asos bo‘lmoqda.
7-8 yil avval ko‘p qavatli turarjoy binolari atrofini zax, yerto‘lalarini pashsha-chivin bosib yotadigan Guliston shahrining «yara»lari ham ana shunday tashriflardan keyin tuzaldi. Kentda «Buyuk kelajak» mavzesi, «Guliston siti» shaharchasi dunyoga keldi. O‘zbekiston va Mustaqillik ko‘chalari oralig‘ida madaniy markaz barpo etildi, zamonaviy amfiteatr qurildi, ular atrofdagi ma’muriy binolar bilan jozibali uyg‘unlik kasb etdi. Kitob do‘koni oldida so‘lim xiyobon barpo etilib, Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi.
Yangier shahrining qayta bunyod etilishiga esa Prezidentning 2017 yil 17 maydagi tashrifi sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng tashkil etilgan «Yangier» kichik sanoat zonasida bir yilning o‘zida jami qiymati 106 million dollarga teng bo‘lgan 125 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada viloyatda to‘qimachilik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi, bir necha ming ish o‘rni yaratildi. Xususiylashtirilgan, ammo ishlatilmay bo‘sh yotgan qator korxona va ob’ektlarda ham davlat rahbarining tashriflaridan so‘ng rivojlanish fasli boshlandi.
Sirdaryo tumanidagi «sirdarya golden fruits» mas’uliyati cheklangan jamiyati, meva-sabzavotchilik logistika markazi, Mirza¬obod va Sayxunobod tumanlarida ulkan issiqxonalar, Guliston tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, guruchni qayta ishlovchi korxonalar ishga tushdi. «agro eco texnology» ¬mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sabzavot va dukkakli o‘simliklar yetishtirish yo‘lga qo‘yilib, unabi bog‘i tashkil etildi. «sirdaryo-mega-luks», «Ideal asr» kabi yirik korxonalar, «Poly tex Sirdaryo» klasteri, «sirdaryo universal oyna» mas’uliyati cheklangan jamiyati va yana o‘nlab yirik loyihalar ham Prezident tashriflarining bir-biridan shirin mevalaridir. Bu loyi¬halar miqyosini tasavvur qilish uchun birgina «sirdaryo universal oyna» ¬mas’uliyati cheklangan jamiyatining bo‘y-bastiga ko‘z tashlaylik. 2018-2020 yilning o‘zida korxonada 501 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi. O‘sha yillari mamlakatimiz farmasevtika sanoatiga har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Markaziy Osiyo¬¬da bitta sanalgan ushbu korxonada yuzdan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yurtimizdagi farmasevtika korxonalariga ayni mahsulotni yetkazib berish imkoniyatini kengaytirdi.
Shavkat Mirziyoevning 2016 yilda O‘zbekis¬ton Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida sirdaryolik saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvida «Men qaysi vazifada ishlashimdan qat’i nazar, Sirdaryodan qadamim ham, ko‘nglim ham hech qachon uzilgan emas. Viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga, mavjud muammolarni yechishga ozmi-ko‘pmi hissam qo‘shilayotgan bo‘lsa, men buni o‘zim uchun katta baxt deb bilaman», degan kamtarona e’tirofining amaldagi isboti, ehtimol, mana shular bo‘lsa kerak.
Hech esimdan chiqmaydi. 2023 yilning aprelida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘ldi. Men ham ishtirok etgandim o‘sha majlisda.
...Prezident zalga har doimgidek o‘ktam qadamlar bilan kirib keldi. Avvallari turli yig‘inlarda, uchrashuvlarda Shavkat ¬Mirziyoevni ko‘p ko‘rganman, albatta. O‘sha kun, nazarimda, nimadandir tashvishlanayotgandek tuyuldi menga.
Bir ozdan keyin Yurtboshimizning o‘zlari oshkor qildilar – u kishini bezovta qilgan tashvish Sirdaryo ko‘chalaridagi qarovsizliklar ekan.
– Men bugun Toshkentdan Gulistongacha poezdda, temir yo‘l vokzalidan buyog‘iga mashinada keldim, – dedi Prezident. – Yo‘llarning achinarli ahvoli qattiq tashvishga soldi meni. Bunday yo‘llarda yurganlar dardini kimga aytadi?
E’tiroz Yo‘l qurilish va Transport vazirliklariga qaratilgan edi.
Vazirlarning javoblari Prezidentimizni mutlaqo qoniqtirmadi:
– Bu yo‘llarda mening yoshligim o‘tgan, har qadami menga tanish. Talabaligimda Yangierdan Zomingacha piyoda ketganmiz. Hammayoq o‘ydim-chuqur, chang-loy bo‘lib yotardi. Bugun o‘tgan asr emas-ku! Qabul qilingan qaror bo‘yicha bu yo‘llarni ta’mirlash ikki yil avval oxiriga yetgan bo‘lishi zarur edi.
Vazirlar va tegishli mas’ullar zimmasiga viloyatdagi barcha katta-kichik yo‘lu ko‘prik¬larni tuzatish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.
– To‘g‘ri, so‘nggi 6 yilda Sirdaryoda katta o‘zgarishlar yuz berdi, – davom etdi Prezidentimiz. – 30 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 6 ming 640 ta yangi korxona ishga tushirildi. Bu orqali 55 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi. 17 mingta oila kambag‘allikdan chiqarildi. Tadbirkorlar soni 2 baravar ko‘payib, 7 mingdan 15 mingga yetdi. Umuman, Sirdaryoda sanoat yo‘qdan bor bo‘ldi, desak, bu ham haqiqat. Bu yerda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, farmasevtika, charm va oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘ldi.
Davlat rahbari Sirdaryoda hali foydalanilmay yotgan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlayotganida, ko‘nglidagi tashvish¬lar yanayam ochiqroq ayon bo‘lib boraverdi. Bilmas ekanman, Sirdaryoda suv boshqa viloyatlarga nisbatan serob, ekin maydonlari esa aholi jon boshiga Xorazm va Navoiyga qaraganda 2 baravar, Samarqand, Andijon, Farg‘ona va Namanganga nisbatan 3 baravar ko‘p ekan. Hosildorlik-chi?.. Xorazmda g‘allaning har gektaridan 100-120 sentnerlab don yetishtirilyapti. Sirdaryoda esa uning yarmichayam emas. Farg‘ona vodiysining ayrim qishloqlarida yerdan to‘rt martagacha hosil olinadi. Sirdaryoda esa bir marta, shuyam chala-chulpa. Farg‘onaliklar tomorqasi tugul yo‘l yoqalari-yu, ekin maydonlarining uvatlarigacha bir qarichni ham bo‘sh qoldirmay uzum, oshqovoq, tarvuz, qovun, hech bo‘lmasa, yalpizu rayhon ekadi. Sirdaryoda esa gektar-gektar maydonlar, katta-katta tomorqalar yillab bo‘sh yotadi. Sababini so‘rasangiz, yerning yomonligiga to‘nkashadi. Lekin Prezident kuyunib qayta-qayta ta’kidlaganidek, qaramasang, haydamasang, o‘g‘it bermasang, ariq-zovurlarni tozalamasang, yer qanday qilib yaxshi bo‘ladi?
– Sirdaryoni innovatsion hududga aylantirmasak, viloyatda rivojlanish bo‘lmaydi. Biz viloyatga qaysi davlat tajribasini olib kelish haqida ko‘p o‘yladik va oxiri Xitoyda to‘xtadik, – davom etdi Prezident. – Tan olish kerak, oxirgi yillarda Xitoy sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyotda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Xitoyning ilm, innovatsiya, muhandislik, elektrotexnika, raboto-texnika va IT yo‘nalishlarida tajribasi juda katta. Eng asosiysi, Xitoy bizga transport-logistika jihatidan eng yaqin yirik bozorlardan.
O‘sha yig‘ilishda Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot bo‘yicha «Ilg‘or innovatsiyalar hududi»ga aylantirish zarurligi, Innovatsion hududda viloyat va tuman rahbarlari aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha qanday chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi ham aniq-tiniq ko‘rsatib berildi.
Sirdaryoning innovatsion hududga naqadar munosibligining yana bir sababi, Prezident tahlil qilib berganidek, bu viloyat bir vaqtning o‘zida 2 ta qo‘shni davlat – Qozog‘iston va Tojikiston bilan qulay trasport koridoriga egaligi hamda mamlakatimizning eng yirik iste’mol bozori hisoblangan Toshkent shahriga yaqin joylashganidir. Sirdaryodek innovatsiya¬¬ni yuksaltirishga o‘ng‘ay viloyat respublikamizda yo‘q. Qolaversa, yana bir yaqin qo‘shnimiz bo‘lmish Xitoyda bir necha yuz milliard dollarlik oziq-ovqat va tekstil bozori mavjudki, bu ham viloyatda innovatsiyaga e’tiborni kuchaytirish va tezlashtirish shartligini taqozo qiladi.
Ko‘plab savol-javoblar va topshiriqlardan so‘ng Prezident Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni e’lon qildi. Nafaqat viloyat, ayni chog‘da, mamlakat bog‘lariga ham musaffo havolar olib kirguvchi bu tashabbuslarning har biri ahamiyatiga ko‘ra, tarixiylikka daxldor edi.
Ana shunday yangiliklardan keyin kun tartibidagi tashkiliy masalaga o‘tildi.
O‘rni kelganda ta’kidlash joiz, Prezident viloyatning avvalgi rahbari, hozir Prezident maslahatchisi vazifasini bajarayotgan G‘ofurjon Mirzaevning hokimlik faoliyatiga yuqori baho berdi. «Mirzaev sizni ham tindirmadi, o‘ziyam tinmadi, - dedi Prezident. – Eng muhimi, odamlarda «bo‘lar ekan-ku» degan ishonch uyg‘ondi».
Sessiya tugagach, Prezident Guliston shahridagi qariyb ming kishi mehnat qilayotgan «omonmedfarm» korxonasi faoliyati bilan tanishib, shu yerda 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Keyin otashin she’rlari bilan xalqimiz ko‘nglidan «haqiqat va adolat jarchisi» sifatida joy olgan shoira Halima Xudoyberdieva nomidagi ijod maktabiga bordi.
...Maktabga kiraverishda shoiraning haykali bor. Tabiatni jonidan sevgan shoira lolaqizg‘aldoqdan qo‘ziquloqqacha, boychechakdan tuyatovongacha, yantoqdan saksovulgacha chappar urib yotgan Boyovut dashlariga boqib, to‘ya olmay, havas bilan tikilib turganday.
Prezidentimiz haykal poyiga gul qo‘yayotganida shoiraning:
Qon aslan yorug‘lik. Yorug‘lan, tiz cho‘k.
Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar.
Qancha qoning bo‘lsa, Vatan uchun to‘k,
Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!
– degan hayqirig‘i shahru qishloqlar osha dashtu dalalarda aks-sado berayotgandek tuyuldi.
O‘sha kuni davlat rahbari o‘quvchilar, muallim va ziyolilar bilan dildan qilingan samimiy suhbatlarida «Men Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdieva bilan xuddi aka-ukalardek juda qadrdon edim», dedilar. «Bu ijodkorlar yaratgan asarlarni qayta-qayta o‘qiyman, mutolaa qilaman. Abdulla akaning birgina «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» she’rini qarang, qancha mazmun-ma’no, hikmat, Vatanga muhabbat bor shu bitta she’rning mohiyatida. Bugun bizga ana shunday millatparvar shoirlar kerak. Hozir ijod maktabini qurdik. Binolar go‘zal, zamonaviy, o‘qish-o‘rganish uchun hamma sharoit mujassam. Endi mazmun ham shaklga munosib bo‘lishi kerak. Bunday dargohlarda ta’lim olayotgan yoshlarning ko‘zlari yonib turishi kerak. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kuyib-yonadigan fidoyilar kerak bugun Vatanga», degan so‘zlari yoshlar qalbiga mangu muhrlandi.
Shavkat Mirziyoevning adabiyotga, ijod ahliga bo‘lgan mehru muhabbati naqadar bepoyon ekaniga yana bir karra guvoh bo‘ldim o‘sha kuni. Karvonboshimizning so‘zlari, orzu-istaklarga yo‘g‘rilgan tilaklari, Vatan va Millat kelajagiga bo‘lgan mehru muhabbati hamon ongu shuurimga nur sochib turgandek tuyuladi. Faxru iftixorga ko‘milaman. Ona diyorimizni gullab-yashnashiga doir tarixiy tashabbuslaridan ko‘nglim Turkiston tog‘lari yang¬lig‘ ko‘tarilib ketayotgandek bo‘ladi.
Uch yildan ziyodroq vaqt o‘tdi o‘shandan buyon. Endi undan buyog‘ini aytar bo‘lsam, shu uch yilginada qilingan ishlar ham lofi bilan uch asrda qilinganidan kam emas. Sanasang sanoq, ta’riflasang qog‘oz oz. Shul bois o‘tayotgan 2025 yilning o‘zidagi va kelgusidagi rejalarga doir raqamlarning ayrimlarini tilga olish bilan chegaralanamiz.
Marhamat, o‘qing. Sirdaryoliklar 2025 yilning birinchi yarim yilligini barqaror iqtisodiy o‘sish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, aholi bandligi va ijtimoiy hayotdagi islohotlar bilan qarshi oldilar. So‘zda emas, amaliy harakatda namoyon bo‘layotgan bunday yutuqlarni eng avval soliq tushumlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Zero, iqtisodni tushunadiganlar soliq tushumlarini barqarorlik poydevori, deydilar. Joriy yilning birinchi yarmida ularning hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 139 foizga o‘sdi. Agar 2024 yilning 1-yarmida 758 milliard so‘m soliq tushumlari tushgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 1 trillion 53 milliard so‘mga yetdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi yarim yilda 106,3 foizga bajarildi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 107,5 foizga ko‘payadi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushishi, xususan, Mirzaobod, Sayxunobod va Guliston shaharlaridagi sanoat zonalarida kichik korxonalarning faoliyat boshlashi natijasida ishlab chiqarish hajmi sohada yil yakunigacha 107 foizga yetkaziladi. Iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan xizmatlar hajmi yarim yillikda 6,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114 foizga oshgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich yil yakunida 115 foizga yetkaziladi.
6-7 oyda tadbirkorlik sub’ektlari soni 771 taga ko‘paydi. Hududlarda ixtisoslashuvga e’tibor kuchaydi. Sardobada meva-sabzavotni qayta ishlash, Xovosda maishiy texnika, Gulistonda tekstil mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar haj¬mi ham 141 foizga oshib, 416 million AQSh dollarini tashkil etdi. Xovosda xitoylik investorlar ishtirokida polimer mahsulotlar ishlab chiqarish zavodi, Sayxunobodda elektr jihozlari ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi. Eksport hajmi 150 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 123 foizga o‘sganini anglatadi. Yil boshida 11,3 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi, 1 iyulga kelib, 7,1 foizga kamaygan bo‘lsa, ko‘rsatkich yil adog‘iga borib 5,3 foizgacha tushadi.
Endi ikki jumla tomorqa haqida. Tomorqa deganda yaqinlargacha o‘t bosgan qarovsiz hovlilar kelardi odamning ko‘z oldiga. «Yangi O‘zbekis¬ton» islohotlari bu sohaga bo‘lgan munosabatlarni ham tamoman yangiladi. Aholida shaxsiy tomorqadan foydalanish madaniyati o‘zgardi. Bu nafaqat oila bandligini ta’minladi, balki qo‘shimcha daromad manbalarini yaratdi.
Sayxunobod tumani «O‘zbekiston» mahallasida yashovchi Kamol Muhammadiev 2020 yilda 25 sotix maydonga Oltiariq tajribasi asosida uzum ekishni yo‘lga qo‘yib, o‘tgan yilning o‘zida 8 tonna mahsulot oldi. Sovutkichda saqlash orqali dekabr-yanvar oylarida 300-400 million so‘m sof daromad egasiga aylandi. Sirdaryo tumani «Baxmal» mahallasida istiqomat qiluvchi Dilafro‘z Boybo‘taeva 30 million so‘m kredit olib, 6 sotix yerda «Qora shahzoda» navli atirgul ko‘chatlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bu yil u 30 ming dona atirgul sotib, 60 million so‘m daromad oldi.
Bunday yuzlab misollar aholining mehnatsevarligi, tadbirkorlik ruhi va zamonaviy yondashuvlarini namoyon etmoqda. Maqsad – har bir fuqaro munosib hayot kechirishiga, har bir xonadon daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishish va har bir mahallani farovonlik manziliga aylantirishdir.
Davlat rahbarining viloyatga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori natijasida joriy yilning o‘zida Sirdaryo viloyati taraqqiyotiga doir ikkita muhim hujjat – «Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda «Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasini yangi yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarorlari qabul qilingani esa viloyat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatlar asosida 1080 gektar yer maydoni maxsus sanoat zonalariga ajratildi. Ularda joriy yil yakuniga qadar qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan 62 ta yirik investitsiya loyi¬hasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada 20 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sanoat infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga hududdagi investitsiya muhiti faollashdi. Avgust oyida o‘tkazilgan «Sirdaryoda biznes qiling!» investitsiya forumida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Vengriya va Tojikiston elchixonalari vakillari, 10 ta hamkor hudud va 200 ga yaqin xorijiy investorlar, shuningdek, 600 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Ichimlik suv va oqova suv tizimini yaxshilash viloyatdagi eng og‘ir masala edi. Muammoni hal qilish uchun barcha davlat dasturlari doirasida 161,6 kilometr ichimlik suv, 36,5 kilometr oqova suv tarmoqlari va 94 ta suv inshootini qurish hamda rekonstruksiya qilish belgilangandi. Bugungi kunda 134,4 kilometr ichimlik, 52 kilometr oqova suv tarmoqlari va 52 ta suv inshootida amaliy ishlar bajarildi.
Ilgari kuniga faqat 9 soat suv beriladigan Guliston shahrini 24 soat uzluksiz ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida Prezident qarori bilan 35 milliard so‘m ajratildi, 64 kilometr suv tarmoqlari tortildi va 2 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi. Yaqin kunlarda Guliston va atrof tumanlar to‘liq suv bilan ta’minlanadi.
Guliston shahri qatorida Boyovut tumanining «Qaropchi» va «Yangi avlod», Guliston tumanining «Zarbdor», «Ishonch» va «Mevazor» mahallalari ham uzluksiz ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Xovos va Boyovut tumanlarida esa 32 ming nafar aholining 35 yillik orzusi ushaldi. U yerlarga ilk bor «Zomin suv» markazlashgan tizimi orqali obihayot yetib keldi.
Guliston shahridagi 51 ta ko‘p qavatli uyning 1 173 ta xonadoni kanalizatsiya tizimiga ulandi. Mahalliy budjet hisobidan ajratilgan 1 milliard so‘m mablag‘ vositasida Guliston va Yangier shaharlari hamda Oqoltin va Sayxunobod tumanlaridagi 81 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismidagi oqova suv tizimlari yangilandi. Hozir Guliston shahridagi Shimoliy suv inshootidan Yangier shahrigacha katta hajmli 33 kilometr suv tarmog‘i qurilmoqda.
Aholini doimiy elektr va gaz bilan ta’minlash yo‘lida bajarilgan ishlar bundan-da ziyod. 6-7 oy orasida uzunligi 151 kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlari qurildi. Xovos tumanidagi 30 yil davomida qaralmagan «Paxtakor», «Qahramon», «Bo‘ston», «O‘zbekiston to‘kinchiligi» va «Obod turmush» mahallalarida 16 kilometr elektr uzatish tarmog‘i to‘liq yangilandi.
Viloyat miqyosida 858 kilometr elektr tarmoqlari va 334 ta transformator mukammal ta’mirlandi. 30 ta mahallada 25 ming aholining turmush sharoiti yaxshilandi. Muhimi, 28 million kub metr tabiiy gaz tejaldi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ekologik samaradorlik hamdir.
Yo‘ling ravon bo‘lmasa, ovulingga qush ham uchib kelmaydi. Abgor ahvoldagi 300 kilometr yo‘l 6 oy ichida tuzatilib, asfaltlandi. Yana 36 kilometr ichki yo‘lga shag‘al to‘shaldi. 78 ta mahallada 300 mingdan ziyod aholi uchun qulay harakatlanish imkoniyati yaratildi. Sayxun¬obod tumanining «O‘rikzor» mahallasida 35-40 yildan buyon o‘ydim-chuqur bo‘lib yotgan yo‘llar ilk bor asfalt-beton bilan qoplandi.
Yil yakuniga qadar viloyatda yana 376 kilometr yo‘l, jumladan, 356 kilometr ichki yo‘l va 3 ta ko‘prik ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
...«Yana-yana»larni yana va yana davom ettirish mumkin. Yutuqlar oz emas. Sirdaryoni obod qilish uchun bir tanu bir jon bo‘lib, ter to‘kayotganlarning shiddat-shijoati esa hammasidan baland, hammasidan havasli. Shunday lahzalarda, beixtiyor yana otashqalb, dilbar shoira opamiz Halimaxonim Xudoyberdievaning:
– Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar! – degan hayqirig‘i shahru qishloqlar osha dashtu dalalarda aks-sado berayotgandek tuyulaveradi. Va sen ham qanday qilib shoiraning da’vatlariga qo‘shilib ketganingni sezmay qolasan:
– Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!
Abdusaid KO‘ChIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi





