Pilla – tabiiy boylik, milliy meros
2025-05-26 11:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-85-sonli Farmoniga asosan, pillachilik sohasida kasanachilikni rivojlantirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilangan:
• Tutzorlar barpo etish: Yangi tutzorlar barpo qilish uchun yer uchastkalari ajratiladi. Bu esa pillachilik bilan shug‘ullanayotgan oilalarga tut daraxtlarini ekish va parvarishlash imkonini beradi.
• Moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash: Pillachilik uy xo‘jaliklari va fermer xo‘jaliklariga ipak qurti urug‘i, to‘shama qog‘oz, termometr, polietilen plyonka kabi zaruriy resurslar bepul beriladi.
• Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash: Pilla yetishtirish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida yillik 14 foiz stavkada qarz mablag‘lari ajratiladi.
• Uy xo‘jaliklarini tashkil etish: Pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari hamda pilla yetishtirishga ixtisoslashgan uy xo‘jaliklari tashkil etiladi.
Pillachilik sohasi tumanda ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish va eksport salohiyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, ayollar va yoshlar uchun bu soha bandlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.
Bugungi kunda Sharof Rashidov tumanida pilla yetishtirish ishlari qizg‘in tus olgan. Tumanning “Istiqlol” MFY, Kuyovboshi, Qoʻshkoʻprik, Yangiobod va Toshkentlik mahallalarida pillakorlarga pilla urugʻi tarqatildi. Ayollar bandligini ta’minlash maqsadida "Yangidiyor" MFYda 16 nafar ayollar daftarida turuvchi, ishsiz xotin-qizlarga pilla urugʻlari tarqatildi. Pillachilik – nafaqat iqtisodiy foyda beradigan tarmoq, balki ekologik toza, barqaror daromad manbaidir. Ayniqsa, hozirgi kunda qishloq aholisi, ayniqsa, ayollar va yoshlar bu sohada faol ishtirok etmoqda. Davlatimiz tomonidan pilla yetishtiruvchilarga tut ko‘chatlari, ipak qurti urug‘i, zarur vositalar bepul yetkazib berilmoqda. Bular oilalarning bandligini ta’minlabgina qolmay, mahalliy iqtisodiyotni ham mustahkamlaydi.
Jumladan, Samarqand quduq mahalla fuqarolar yig‘inida 9 ta xonadonda pilla parvarishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu orqali 32 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Mazkur mahallada faoliyat olib borayotgan tajribali pillakorlar — Dilbar Ergasheva boshchiligidagi Nazokat Ibragimova, Shahnoza Zaripova, Buvioysha Qo‘chqorova va Gulbahor Eshnazarovalar mehnatsevarlik va fidoyilik bilan ish olib bormoqda. Ular tomonidan yaratilgan yuqori hosildorlik nafaqat oilaviy daromadni oshirish, balki hududda ijtimoiy-iqtisodiy faollikni kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda. Shuningdek, "Umar" mahalla fuqarolar yigʻinida ham jarayonlar avjida, pillakorlar mo’l hosil yo’lida samarali mehnat olib borishga kirishdilar.
Sharof Rashidov tumanining "Ravalliq" MFYda mahalla aholisi bu jarayonda faol ishtirok etib, har bir xonadon oʻz hissasini qoʻshmoqda. Jumladan, ushbu mahallada yashovchi Jamila Meliyeva xonadonida 7 quti ipak qurti parvarish qilinib, bugungi kunda pilla hosili hasharchilar va oila a’zolari tomonidan yigʻib olinmoqda. Mehnatkash oila a’zolari hosilni belgilangan muddatlarda yigʻishtirib olishga intilmoqda. Shu kabi tumanning “Qahramon”, "Istiqlol", “Qo’shko’prik”, “Yangiobod”, “Bobur” “Fayzobod”, “G’ozg’ontepa”, "Pastki So‘loqli" df yana ko'plab mahallalarida ham pillachilik mavsumining eng mas'uliyatli pallasi-hosilni yig‘ib-terib olish jarayoni qizg‘in olib borilyapti.
O‘zbekistonda pillachilik an’anasi ming yilliklarga borib taqaladi. O‘zbekiston ipak mahsulotlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Bugun esa bu an’analar zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashib, yanada keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shunday qilib, pilla – bu mehnat, sabr, tabiiy ne’mat va milliy qadriyatlarning uyg‘unligidir. Uning har bir tolasi xalqimizning mehnatsevarligini, san’atga bo‘lgan ehtiromini ifodalaydi.
O'zDJTU talbasi Lola Mamaraimova









