KATTA HUDUDNING KATTA IMKONIYATLARI
2026-08-25 10:00:00 / Yangiliklar










XORIJIY INVESTITSIYALAR HISOBIGA
O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha tumanning tashqi savdo aylanmasi 58 million 455 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Hisobot davrida eksport hajmi 9 million 640,7 ming AQSH dollariga yetib, 2024-yilga nisbatan 115,4 foizga o‘sdi. Eksport tarkibida qishloq xo‘jaligi, qayta ishlangan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari muhim o‘rin egalladi.
Hududda xorijiy sarmoya ishtirokidagi 28 ta korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 26 tasi amalda faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalar sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarda faoliyat olib bormoqda.
Faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar tomonidan 153,9 ming AQSH dollarlik eksport amalga oshirildi. Joriy yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya asosida to‘rtta loyiha amalga oshirildi. Jumladan, Toqchilik mahallasi hududidagi “Yoshlar texnoparki”da joriy yilning birinchi choragida “MONO LIGHTING UZBEKISTAN” MChJ faoliyatini boshladi. Loyiha qiymati 30 million dollar, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 15 million dollar, yillik eksport hajmi 5 million dollarni tashkil etadi. Korxonada 32 turdagi lampalar ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirilmoqda.
“Qulpisar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida loyiha qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etuvchi korxona barpo etildi. Xitoy investitsiyasi hisobiga faoliyat yuritayotgan mazkur qo‘shma korxona joriy yilning aprel oyidan yangi quvvat bilan ishlashga kirishdi. “FORIGHT GRANITE MINE” MChJ tomonidan oziq-ovqat pigmenti ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar mazkur korxonada 100 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.
DRAYVER LOYIHALAR — HAYOTGA!
Zarbdor tajribasi asosida Bo‘ston va Saroylik mahallalari hamda Tinchlik mahallasi hududidagi Uobsoy qishlog‘ida drayver loyihalarni amalga oshirish uchun respublika budjeti hisobidan jami 15 milliard 910 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Bo‘ston mahallasida faoliyat yuritayotgan 7 ta ishlab chiqarish korxonasi hamda tashkil etilayotgan yana 12 ta yangi korxonaning barqaror faoliyati uchun zarur infratuzilma yaratiladi. Buning uchun 4 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Saroylik mahallasida 3,2 gektar maydonda zamonaviy mebelchilik markazi tashkil etiladi. Loyiha Eski Toshkentlik, Saroylik, Yaxtanlik va Taraqqiyot mahallalari tadbirkorlari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Loyiha yakunida 40 ta yangi tadbirkorlik subyekti faoliyat boshlaydi va 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarish hajmining 50 milliard so‘mga oshishi va budjetga qo‘shimcha 9,4 milliard so‘m soliq tushishi ta’minlanadi.
Tinchlik mahallasi hududidagi Uobsoy qishlog‘ining soy bo‘yida joylashgan 100 gektar maydonda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshiriladi. Buning uchun 8 milliard 450 million so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Rejada 150 o‘rinli sihatgoh, 20 ta uy-mehmonxona va 100 ta xizmat ko‘rsatish inshootini barpo etish ko‘zda tutilgan.
“YANGI O‘ZBEKISTON” MAHALLALARI
Joriy yilda tumandagi Kuyovboshi va Umar mahallalarini “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi namunali hududlarga aylantirish uchun respublika budjeti hisobidan jami 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Har bir mahalla uchun 5 milliard so‘mdan moliyaviy resurs yo‘naltirildi.
Loyiha doirasida Kuyovboshi mahallasining elektr ta’minotini mustahkamlash maqsadida yangi transformator o‘rnatildi. Bir kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi va 3,6 kilometr ichki yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi. E’tiborli jihati shundaki, mahalladagi bo‘sh turgan binoda xorijiy tillarni o‘qitish markazi tashkil etiladi. Bu markaz yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, kelgusida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Ushbu loyihalar natijasida 18 ta yangi xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ishga tushirilib, yana 6 ta mavjud inshoot faoliyati kengaytiriladi. Shuningdek, 29 ta yangi ish o‘rni yaratilishi mahallada aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.
Umar mahallasida 4 kilometr piyodalar yo‘lagi quriladi va 100 ta zamonaviy tashqi yoritish chirog‘i o‘rnatiladi. Ayni paytda 3,4 kilometr ichki yo‘l asfaltlandi. Shu bilan birga, aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash maqsadida 1,5 kilometr lotok tarmog‘i qurilib, 3 ta artezian qudug‘i qaziladi hamda yangi transformator o‘rnatiladi.
Loyihalar natijasida mahalla hududidan o‘tuvchi Jizzax–Zomin avtomobil yo‘li bo‘yida 12 ta yangi xizmat ko‘rsatish inshooti tashkil etiladi. Beshta mavjud inshootning faoliyati kengaytiriladi va 23 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
ISHSIZLIK VA KAMBAG‘ALLIKDAN XOLI HUDUD
Yil yakuniga qadar tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Xususan, 2026-yilda mikroloyihalarni tashkil etish hisobiga 3 192 ta, tomorqa va ijara yer maydonlaridan samarali foydalanish hisobiga 218 ta, ishsiz aholini kasb-hunarga “vaucher va buyurtma” asosida o‘qitish loyihasi hisobiga 678 ta, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali daromadini oshirish hisobiga 170 ta, tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash hisobiga 625 ta, drayver loyihalarni ishga tushirish hisobiga 415 ta, “Agrostar” kompaniyalari va xonadonlar kooperatsiyalari hisobiga 1 336 ta, kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar hisobiga 5 978 ta, har bir mahalladan 10 tadan xonadon tanlab olinib, “loyiha paketlari” taqdim etilishi hisobiga 526 ta, “Barqaror kelajak sari” dasturi doirasida 622 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 7 243 ta, “Teng imkon — inklyuziv bandlik” dasturi doirasida 162 ta, mavsumiy band qilish hisobiga 5 808 ta hamda “Mehnatsevar ayol” dasturi doirasida 605 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
IXTISOSLASHGAN HUDUDLARDA
2026-yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida hududdagi mahallalarni ixtisoslashtirish orqali aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbusli loyihalar tuman hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Tuyoqli”, “Yoshlik” va “Katta qishloq” MFYlaridagi 106 ta xonadonga 6,6 gektar yer maydoni auksion orqali issiqxona tashkil etish uchun har biriga 6 sotixdan ajratildi. Issiqxonalarda pomidor, bodring va ko‘katlar yetishtiriladi.
Hozirda birgina “Tuyoqli” MFYdagi 420 ta xonadonning 21 gektar tomorqa yer maydonida xonaki usulda issiqxonalar tashkil etilgan. Issiqxonalarni isitish tizimiga zarurat yo‘q. Bahor-yoz mavsumida tabiiy issiqlik orqali pomidor va bodring, kuz-qish mavsumida esa ko‘katlar yetishtirish rejalashtirilgan. Xonadonlar “Agro Star” MChJga biriktirilib, o‘zaro muvofiqlashtirish orqali mahsulotlar yetishtiriladi hamda ichki va tashqi bozorlarga chiqariladi.
“Saroylik” MFY hududida “Uchtepa dehqon bozori” MChJga qarashli, maydoni 0,65 gektar bo‘lgan 1-shoxobcha mol bozori o‘rnida savdo va xizmat ko‘rsatish markazi — “City Mall” barpo etiladi.
“Fayziobod” MFY hududida joylashgan “Jizzax suv ombori” bo‘yidagi 5 gektar maydonda xizmat ko‘rsatish, plyaj va dam olish zonalaridan iborat turistik maskan tashkil etiladi.
“BARAKA OROM SERVIS” MChJ tomonidan “Qulpisar” MFY hududidagi 15 gektar maydonda qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi paxtani qayta ishlash zavodi joriy yilning uchinchi choragida ishga tushiriladi. Ma’lumot uchun, xitoylik investor Vang Yuan ta’sischiligidagi jamiyat mutaxassislari ishtirokida sug‘orish tizimi og‘ir bo‘lgan hududning 2 ming gektar maydonida paxta yetishtirilmoqda. Mahallada ishsizlik darajasi 6,3 foizni tashkil etadi. Natijada yiliga 15 ming tonna paxtani qayta ishlash va 12 ming tonna tola ishlab chiqarishga erishiladi. Yangi korxona ochilishi hisobiga 50 ta ish o‘rni yaratiladi.
“Qahramon” MFY hududida “Chaqmoq” fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan chorvachilik kompleksi o‘rnida sutni qayta ishlash korxonasi faoliyatini kengaytirish loyihasi amalga oshiriladi. Qo‘shimcha 20 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga korxonada yiliga 1,4 ming tonna sut qayta ishlanadi. Yigirmata yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga budjetga 580 million so‘m tushum ta’minlanadi.
NE’MATLAR EL DASTURXONIGA
Dehqonning xizmatidan bahramand bo‘lmagan, mashaqqatli va halol mehnatini e’tirof etmagan kishi bo‘lmasa kerak. Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga nazar tashlar ekanmiz, unda el ma’murchiligi va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni ko‘ramiz. Dehqon, fermer va tomorqa yer egasining manfaatdorligi hamda topayotgan daromadi yil sayin oshib bormoqda.
Halol peshona teri va fidokorona mehnati bilan yerdan noz-ne’mat undirib, hayotimizga qut-baraka, fayz-u quvonch olib kiradigan tumanning mirishkor dehqonlari joriy yilda 81 ming tonna g‘alla va 166 tonna pilla tayyorlab, davlat shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan ado etdilar. Ayni paytda 7 100 gektar maydonga ekilgan chigitdan 35,7 ming tonna paxta xirmonini bunyod etish uchun astoydil bel bog‘laganlar.
Tuman bobodehqonlari tomonidan shu yilning oxiriga qadar 2 500 tonna go‘sht, 8 300 tonna sut, 500 tonna parranda go‘shti, 50 million dona tuxum, 7 510 tonna poliz mahsulotlari, 4 088 tonna sabzavot hamda 5 616 tonna meva va uzum yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
AYOLLAR QO‘LLAB-QUVVATLANGANDA
Joriy yilda tumanda “Ayollar daftari”ga 6 750 nafar xotin-qizni kiritish rejalashtirilgan. Ularning 2 278 nafari ijtimoiy himoyaga, 494 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlashga, 57 nafari uy-joy sharoitini yaxshilashga, 2 059 nafari tibbiy va psixologik yordamga hamda 1 836 nafari huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlardir.
Shu yilning o‘tgan davri davomida mazkur toifadagi xotin-qizlar manzilli qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, 321 nafar xotin-qizga imtiyozli kredit ajratilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirish uchun amaliy ko‘mak berildi. Homiylar hisobidan bir nafar ehtiyojmand fuqaro uy-joy bilan ta’minlandi. 31 nafar xotin-qizga uy-joyini ta’mirlash uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Ijara kompensatsiyasi belgilangan 25 nafar ayolga 103 million 824 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, 2 059 nafar xotin-qizga psixologik, 1 836 nafariga huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatildi. Uch nafar xotin-qizning oliy ta’lim muassasasidagi kontrakt to‘lovlari qoplab berildi.
CHEMPIONLAR TUG‘ILGAN GO‘SHA
Tuman sport maktabi 2006-yil 10-yanvarda tashkil etilgan bo‘lib, Yangiobod mahallasida joylashgan. Bugun bu yerda 1 317 nafar yosh muntazam sport bilan shug‘ullanadi. Ularning 471 nafarini qizlar tashkil qiladi. Sport maktabida 78 nafar xodim faoliyat yuritadi. Jumladan, 53 nafar murabbiy 25 ta sport turi bo‘yicha o‘quvchilarga mashg‘ulot olib boradi.
Sport maktabining moddiy-texnik bazasi ham mustahkamlanib bormoqda. Zamonaviy kurash va boks zallari, futbol maydoni, kurash gilamlari, boks ringi, tennis stollari, mashg‘ulotlar zali, gantellar, shaxmat-shashka to‘plamlari va boshqa jihozlar yosh sportchilar xizmatida.
O‘tgan yili tuman sportchilari turli respublika va xalqaro musobaqalarda 218 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 78 tasi oltin, 82 tasi kumush va 58 tasi bronza medaldir.
2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi kuchli o‘ntalikka kirishni maqsad qilgan. Yuqoridagi topshiriqlarni bajarish maqsadida Qudratulla Sunnatullayev, Asadbek Anvarov hamda aka-singil Jahongir Zokirov va Aziza Zokirovalar litsenziya olish uchun muntazam ravishda musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda.
Joriy yilda futbol bo‘yicha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor ishtirok etdi. Ushbu chempionatda terma jamoamiz safida uchtepalik darvozabon Abduvohid Ne’matov ham qatnashdi.
Futbol bo‘yicha Saudiya Arabistonida 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida tumanimizning yana bir vakili Miraziz Abdukarimov O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida tuman sportchi yoshlari jahon va Osiyo sport musobaqalarida 3 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza, O‘zbekiston chempionati va kuboklarida esa 4 ta oltin, 8 ta kumush va 8 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. 65 nafar sportchi respublika terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibidan joy oldi. Yigirma uch nafar sportchi O‘zbekiston milliy, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari tarkibiga kiritildi.
“KO‘MAK”DAN KO‘MAK
Tumanda “Ko‘mak” loyihasidan foydalanish istagini bildirgan 5 nafar yoshga shu yilning may–iyun oylarida 130 million so‘mdan ssuda ajratildi. Natijada tumanga 550 million so‘mga yaqin investitsiya jalb etilib, Qorayantoq, Qang‘li, Uchtepa, Nonisangil va Eski Toshkentlik mahallalarida yoshlar uchun qo‘shimcha 5 ta zamonaviy o‘quv markazi tashkil etilmoqda.
Mazkur tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida yaqinda tumanning chekka hududlaridan biri bo‘lgan Nonisangil mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Ko‘mak” loyihasi doirasida “Odil ta’lim” o‘quv markazi foydalanishga topshirildi.
Nonisangil mahallasida ilk bor zamonaviy o‘quv markazi faoliyat boshladi. Yangi tashkil etilgan o‘quv markazi yoshlarning zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, xorijiy tillarni o‘rganishi, intellektual salohiyatini rivojlantirishi hamda kelgusida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Markazda zamonaviy o‘quv xonalari va sifatli ta’lim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ushbu maskan mahalladagi yoshlarning bilim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim o‘rin tutadi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, “Besh tashabbus olimpiadasi” hamda sport va fan olimpiadalarida erishilayotgan natijalar yana ko‘plab amaliy ishlar uchun yo‘l ochmoqda.
