Jizzax viloyatida bog‘lar va tokzorlarni barpo qilish bo‘yicha TAVSIYАNOMA
2026-08-07 09:00:00 / Yangiliklar

Ushbu tavsiyanoma Jizzax viloyati tuproq-iqlim sharoitida, mevali bog‘larni va tokzorlarni barpo etish, ko‘chatlarni ekish sxemalari, payvandtaglarni tanlash hamda meva-uzum navlarini qisqacha tavsifi bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
1. Ko‘chat ekish uchun maydonni tayyorlash. Kuzda ko‘chat ekish uchun tanlab olingan maydon plantaj plugi bilan 50-60 sm chuqurlikda xaydalgan bo‘lishi kerak. Agarda maydon xaydalmagan bo‘lsa, bahorda 35-40 sm chuqurlikda yer xaydalib qatiy tarzda lazer tekislagichida tekislanadi, bu esa o‘z navbatida suvdan tejamkorlik bilan foydalanish samaradorligini 2-3 barobarga oshiradi, hamda ko‘chat ekish uchun reja tortiladi va ko‘chatlar ekilgandan keyin boshqa bog‘lar qatori qishda sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirirish lozim. Olinadigan hosildorlikni miqdori faqat nav va payvandtagdan, agrotexnika saviyasidan emas, balki o‘simliklarning qator orasi va daraxt oralig‘iga ham bog‘liq. Maydonda qancha ko‘chat ko‘p bo‘lsa, hosil shuncha ko‘p bo‘ladi, lekin daraxtlarning joylashish zichligining ham chegarasi bor. Bu daraxtlarning hajmiga va qator oralarining texnika bilan ishlov berish darajasiga ham bog‘liq. Hosilni sifati va miqdoriga daraxt tanasiga tushadigan yorug‘likni sifati va miqdoriga hamda shamol harakatlanishiga uzviy bog‘liq. 2. Ko‘chat ekish. Ko‘chat ekiladigan chuqurlarni chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lib, chuqur qazishda tuproq ustining 20-25 sm unumdor qismi chuqurning bir tomoniga olib, chuqurning qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. Chuqurga ko‘chat ekishdan oldin 350-400 g fosforli, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi. Ko‘chatni ekishdan oldin alohida tayyorlangan shatmoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 qilib qaymoqsimon qilib tayyorlanadi), botirib olib ekiladi. Ko‘chat chuqurga quyilib, oldin olingan unumli tuproq chuqur tagiga solinib, keyin olingan unumsiz o‘g‘it bilan aralashtirilgan tuproq bilan to‘ldirilib, ildiz payvand qilingan joyi tuproqdan 2-3 sm yuqorida bo‘lishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘la suv quyiladi. Bunda tuproq zichlanib, ko‘chat yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib to‘ldiriladi. 3. Ko‘chatlarni parvarishlash. Ekilgan ko‘chatlar vegetatsiya davrida ko‘chatlarning atroflari qatqaloq bo‘lib qolmasligi uchun yumshatib turiladi. Tuproq sharoitiga qarab, vegetatsiya davrida zarur namlikni ta’minlash uchun albatta tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish talab etiladi. Yangi ekilgan ko‘chatlarni dastlabki davrida suv bilan ta’minlashga katta e’tibor berish zarur. Ko‘chatlar to‘liq ko‘karib ketishi uchun (agar tomchilatib sug‘orish sistemalari ishga tushmagan bo‘lsa) ko‘chat atrofini aylana shaklida ariq olinib, ariq to‘lguncha suv quyish lozim yoki ariq orqali sug‘orilsa, ko‘chat atrofidan suvni aylantirib o‘tkazib sug‘orish zarur. Tuproq namligini doimiy saqlash maqsadida12-14 martagacha sug‘oriladi. Yosh bog‘larni kasallik va zararkunandalarga chidamlilik darajasi ancha past bo‘ladi. Shuning uchun zaruriyat tug‘ilgan holda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash choralarini qo‘llash zarur. 4. Tomchilatib sug‘orishning o‘ziga xos jihatlari. Tomchilatib sug‘orish ekinlarni sug‘orish usullari orasida nisbatan yangi sanaladi va uning o‘ziga xosligi suvni bosim ostida o‘simlikkacha yetkazib berishi bilan belgilanadi. Tomchilatib sug‘orish tizimi o‘simlikning suvga bo‘lgan ehtiyojiga teng miqdordagi suvni zarur muddatda uning ildiz qatlamiga yetkazib berishga mo‘ljallangan suv taqsimlovchi doimiy tarmoqdan iborat. Tomchilatib sug‘orishning boshqa sug‘orish usullaridan farqli jihati shundan iboratki, mazkur sug‘orish usulida tuproqning namligi va uni yaratish uchun berilayotgan suv boshqariladi. Odatdagi egatlab sug‘orish usulida suv egatga oqizilgandan so‘ng dalaning bir qismida tuproqning namligi xaddan ortib ketsa, boshqa qismida suv yaxshi oqmaganligi tufayli tuproq yaxshi namlanmaydi. Tomchilatib sug‘orishda esa suv har bir ekinning ma’lum davrdagi ehtiyojiga mos ravishda dala bo‘ylab bir tekisda beriladi. Shunday qilib dalaning ekin joylashgan joylari bir xilda namlanadi. Tuproqda ortiqcha namlikning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Egatlab sug‘orilganda sug‘orishdan keyin tuproqda namlikni haddan ziyod ortishi ekinni suvga bo‘ktirsa, sug‘orishlar orasidagi vaqtning uzoqligi oqbatida tuproq qurib ketib o‘simlikni suvsiz qoldiradi. Navbatdagi sug‘orishda ekin yana suvga bo‘kadi, undan keyin esa yana suvsiz qoladi, ya’ni stress holatlarga tushadi. Natijada o‘simlik o‘z energiyasini shu stress holatlarni yengishga sarflashga majbur bo‘ladi va bir tekis rivojlana olmaydi. Tomchilatib sug‘orishda esa ekin ildiz qatlamining namligi bir xilda ushlab turiladi va ekin bir tekis rivojlanadi . Tomchilatib sug‘orishda ekinning ildizi rivojlanadigan tuproq qatlamida o‘simlik uchun optimal bo‘lgan tuproqning suvfizik rejimi yaratiladi. 5. Shakl berish. Urug‘lik mevali daraxtlarga asosan kuzda va danakli mevali bog‘larda erta baxorda shakl berish maqsadga muvofiq. O‘zbekiston sharoitida pakana payvandtagda ekilgan intensiv bog‘larda ko‘chatlarga 60 sm yuqoridan kesilib, shakl beriladi. Chetdan kelayotgan ko‘chatlarni veretino shaklida, ya’ni asosiy lider novda qoldirilib, yoniga ko‘proq novda berishga qaratiladi, ya’ni shoxlatiladi. Shakl berishda ko‘chatning asosiy lider shoxida shtambi uchun 50 sm qoldirilib, undan yuqorisiga 8-10 ko‘z qoldirilib, undan so‘ng yana ship 3 ta ko‘z qoldirilib, ortiqchasi kesiladi. Kelajakda yetarli shoxlashi uchun 50 sm. tanasidan yuqorida joylashgan 3 ko‘z oysimon shaklida (ko‘chat ko‘chatxonasida shoxlamagan bo‘lsa) ko‘zni o‘sishi qismidan kerbovka (kesish) qilinadi va yana uchta ko‘z tashlab yana uchta ko‘z to‘g‘ri chiziq shaklida kesimida (kerbovka) qilinadi. Bu jarayonni ko‘chat yaxshi o‘sa boshlagan davrida qilsa yaxshi natija beradi. Shoxlangan shoxlar iyul-avgust oylarida 90° egiladi va bog‘lanadi. Yosh o‘sgan novdalarda meva kurtaklarini hosil qilish maqsadida ular ma’lum vaqtda chilpib (chekanka) turiladi. Bu usul meva kurtaklarini ko‘proq hosil bo‘lishini ta’minlaydi. 6. Temir beton ustunlar o‘rnatish va sim tortish. Ekilgan ko‘chatlarni birinchi yilni o‘zida simbag‘azlarga bog‘lab, parvarish qilish uchun temir beton ustunlar o‘rnatilinadi. 7. Ko‘chatlarni simbag‘azlarga bog‘lab parvarish qilish. Yangi ekilgan olma, nok bog‘lariga temir beton ustunlar hamda sim tortilgach, ko‘chatlarning novdalari simlarga bog‘lab chiqiladi hamda kelajakda novdalar o‘sib, rivojlanishi uchun parvarish ishlari olib boriladi. 8. O‘g‘itlash. Yosh ekilgan ko‘chatlar yaxshi rivojlanib, o‘sishi uchun aprel oyining ikkinchi yarmida har bir ko‘chat atrofiga 100-120 g dan azotli o‘g‘it solinadi. Ikkinchi marta iyun oyida shuncha miqdorda yana azotli o‘g‘it solinadi. Tomchilatib sug‘orish sistemasi mavjud bo‘lgan bog‘larda barcha mineral ozuqalarni suv orqali topchilatib berish maqsadga muvofiqdir. Bunda o‘g‘itni o‘zlashtirish samaradorligi ancha yuqori bo‘ladi. Yosh pakana payvandtagli bog‘lar orasiga birinchi ikkinchi yillar sabzavot, poliz, kartoshka ekinlari ekish mumkin. Uchinchi yildan tushbu ekinlar ekish tavsiya etilmaydi. Chunki bog‘ qator orasiga ishlov berilishi sababli ekinlar ekilmaydi (Haydash, o‘g‘itlash, kimyoviy ishlov berish). Oktyabr-noyabr oylarida yosh nihollar orasi hamda ko‘chatlarning qator orasi chopilib, yumshatiladi, begona o‘tlardan tozalanadi. Tuproqda namlik yaxshi saqlanadi. Kuzda noyabr oyida fosforli hamda kaliy o‘g‘it, ya’ni gektariga 90 kg, fosfor 45 kg kaliy va 10 t organik o‘g‘it solinib chopiladi. Yangi ekilgan intensiv bog‘lar ikkinchi yildan boshlab hosilga kiradi, 4-5 yili to‘liq hosil bera boshlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik
va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Agrosanoatni rivojlantirish agentligi
