SHAROF RASHIDOV TUMANI PROKURORINING TUMAN AHLIGA MUROJAATI!!!
2026-08-06 15:15:00 / Yangiliklar

Shuni alohida ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida firibgarlik jinoyatlari 100 foizga hamda talonchilik jinoyatlari 100 foizga kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, joriy yilning 7 oyi davomida tumanda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 2 taga kamaytirildi.
Biroq, yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa usullar orqali ularning mol-mulkini egallashga urinmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga turli usullar bilan ta’sir o‘tkazib, ularning bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritish holatlari ko‘paymoqda.
O‘tgan davr mobaynida tumanimizda so‘nggi vaqtlarda avj olayotgan kiberjinoyatlar salmog‘i hamda undan jabrlanganlar soni ortib bormoqda.
Bundan tashqari, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol-mulk, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy-joy atroflarini qarovsiz qoldirayotgani, natijada o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilishiga sharoit yaratayotgani ham ayni haqiqatdir.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda aholi o‘rtasida o‘zaro ahillikni kuchaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan kunga ortib borayotgani haydovchilardan yanada yuqori mas’uliyat talab etmoqda.
Biroq, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasdan tezlikni oshirayotgani yoki haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxslarga avtomobil boshqarishga noqonuniy ruxsat berayotgani oqibatida joriy yil davomida 11 ta o‘lim bilan bog‘liq hamda 12 ta o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l-transport hodisasi sodir etildi. Bu, albatta, barchamizni chuqur tashvishga soladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tumanimizda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilmoqchiman.
Jumladan, jinoyatlarning oldini olish hamda tumandagi kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Shu maqsadda, 2025-yildagi kabi joriy yilda ham mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko‘chalarga yuzni hamda avtotransport davlat raqam belgilarini aniqlovchi videokuzatuv kameralari o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Mahallalardagi ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylarni texnik qo‘riqlovga olish, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga tashvish tugmalarini o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.
Doimiy ravishda muqaddam sudlangan, ma’muriy nazorat ostidagi hamda ajrim yoqasidagi shaxslarning muammolari o‘rganilib, ularning ijtimoiy-maishiy masalalarini ijobiy hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Natijada, mazkur tadbirlar kriminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkor aniqlash hamda jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilish, manzilli profilaktik tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birgalikda, tergov sifati yanada oshiriladi, bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklari poymol etilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Qaysi idorada bo‘lmasin, har bir tekshiruv hamda tergov ishi prokuraturaning kundalik va qat’iy nazoratida bo‘ladi.
Bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish borasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz hamda jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz.
Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Aziz tumanimiz fuqarolari!
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar, nuroniylar, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarning amaliy yordami hamda hamkorligiga tayanamiz.
Agar har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlangan maqsadlarga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz hushyorligimizni oshirishimiz, firibgarlik qurboni bo‘lib qolmasligimiz, shubhali internet ilovalaridan foydalanmasligimiz, notanish shaxslarga bank kartasi ma’lumotlari, hisob raqamlari va tasdiqlash kodlarini bermasligimiz, mol-mulkimizni qarovsiz qoldirmasligimiz zarurligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash hamda jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya qilish har birimizning nafaqat qonuniy, balki insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutaylik.
Aziz yurtdoshlar! Keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
