Sharof Rashidov tumani IIB boshlig‘i KARIMOV JAXONGIR SHUKUROVICHning tuman ahliga murojaati!
2026-07-03 18:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 16.02.2026-yildagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-21-sonli Farmonida mamlakatimizda «maqsad — harakat — natija» zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etilgani «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini yangi talablar asosida takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Asosiy maqsad “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish ko‘rsatilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, barcha idora va tashkilotlar hamda xalqimiz bilan birgalikda barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Yurtboshimizning aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim yaratish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida bugungi kunda Sharof Rashidov tuman IIB tomonidan kelib tushayotgan murojaat va muammolar chuqur tahlil qilinmoqda.
Sharof Rashidov tumanida 48 ta mahallalarda 253 600 nafardan ortiq aholi istiqomad qiladi. Joriy qilingan “112” qisqa raqam tizimiga 2026-yil 6 oy yakuniga ko‘ra jami 14747 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan 14 216 ta murojaat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilingan. Qolgan 526 ta murojaat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari davom ettirib, ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda. Murojaatlarni ijobiy hal etish borasida murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda 2026-yilning ortda qolgan davrida talonchilik, mulkni qasddan nobud qilish, voyaga yetmagan bilan jinsiy aloqa qilish, qiynash va tuxmat kabi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa, kam ahamiyatli 81 tadan 88 taga, og‘ir turdagi jinoyatlar 177 tadan 304 taga, o‘ta og‘ir jinoyatlar 6 tadan 9 taga ko‘paygan.
Yaratib berilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa vositalar orqali ularning mol - mulkini egallashga urinish jadal davom etmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga har xil turdagi ta’sir o‘tkazish orqali hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini egallash holatlari ko‘plab uchramoqda.
Joriy yilning shu davriga qadar tumanimizda sodir etilgan jami 444 ta jinoyatlardan 277 tasi “kiber” jinoyatlar, shundan axborot texnologiyalaridan foydalanib 92 ta o‘g‘rilik, 168 ta firibgarlik, 10 ta haqorat qilish va 7 ta boshqa holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani buning yaqqol isboti.
Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning Ichki ishlar organlari sohasida o‘tkazgan Tarixiy yig‘ilishida so‘nggi vaqtlarda avj olayotgan zamonaviy ya’ni “uyushgan, giyohvandlik, kiber va yashirin iqtisodiyot” jinoyatlari soni ortib borayotgani butun yurtimizni tashvishga solayotganligini alohida ta’kidladi.
Haqiqatdan ham yuqoridagi jinoyatlarda voyaga yetmaganlar, yoshlar, xotin–qizlar va sportchilarimizning ishtirok etayotgani achinarli albatta. Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning 2026-yil 24-fevral kuni "Ko‘ksaroy" qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida mamlakatimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini alohida ta’kidlab, barcha rahbarlar oldiga birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmaslik vazifasini qo‘ygani aynan shu toifadagi shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilishining oldini olishga va ularga keng imkoniyatlar yaratish borasidagi chora-tadbirlar ishlab chiqishimizni taqozo etadi.
Joriy yil 6 oyi yakuniga ko‘ra yoshlar tomonidan qasddan odam o‘ldirish, qasdan badanga og‘ir tan jarohat yetkazish, o‘g‘irlik, bezorilik va transport vositasini olib qochish jinoyatlari sodir etilgan.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek “Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta.”. Shu asosda hududlarni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish, aholi yashash sharoitlari hamda mahallalar qiyofasini tubdan yaxshilash, aholining muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bir so‘z bilan aytganda xalqni rozi qilish borasida tizimli ishlar jadal amalga oshirilmoqda.
Biroq, ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida o‘zlariga tegishli mol–mulklar, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atroflarini qarovsiz qoldirgani yoki firibgarlarning hiylasiga ishonib, o‘z mol-mulkini osongina ular qo‘liga topshirib qo‘yganliklari natijasida 6 ta firbgarlik hamda 15 ta o‘g‘rilik jinoyatlari qayd etilganidan ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, yo‘llarda avtomashinalar soni kundan-kunga ortib, haydovchilarning mas’uliyatini oshirmoqda. Ammo, ayrim haydovchilar yo‘l belgilari, yo‘l qoidalariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan tezlikni oshirgani yoki haydovchilik guvohnomasi yo‘q fuqarolarga avtomashinani boshqarishga noqonuniy ruxsat bergani natijasida, o‘lim bilan bog‘liq 10 ta, o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan 12 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilganligi ayanchli albatta.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tumanimizda mas’ul idoralar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda quyidagi yangi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilmoqchiman.
Jumladan, jinoyatlarning oldini olish, tumanda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” joriy etish yuzasidan bergan topshiriqlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining 2025-yil
13-sentabrdagi 40-son topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan Sharof Rashidov tumanini “korrupsiyadan holi” hududga aylantirish, aholi orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi asosida korrupsiyaga qarshi kurashishni barcha davlat va nodavlat tuzilmalari, hokimliklar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz, jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz. Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishning barcha choralarini ko‘ramiz.
Natijada, mazkur tadbirlar kriminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan izlab topish hamda jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilib, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Aziz vatandoshlar!
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrursiyaning oldini olishda, umuman barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniy tashkilotlar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatdan, korrupsiyadan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa barchamiz bir tanu, bir jon bo‘lib birgalikda kurashsak ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz hushyorlikni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kirmaslik, notanish shaxslarga hisob raqamlar va tasdiqlash kodlarini bermaslik, mol-mulklarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi haqida yana bir bor ogohlantirib o‘tmoqchiman.
Qonunlarga qat’iy rioya etish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash, jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya qilish ham qonuniy ham insoniy burchimiz ekanini ham doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar, keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
KARIMOV JAXONGIR SHUKUROVICH
Sharof Rashidov tumani IIB boshlig‘i
