O‘zbekistonda sud-huquq tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari
2026-05-26 17:35:00 / OCHIQ MA'LUMOTLAR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining
2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishning muhim strategik asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda inson huquqlarini ta’minlash, sud mustaqilligini kuchaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda advokatura institutini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Farmonning 84-maqsadiga muvofiq, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash sud-huquq islohotlarining bosh mezoni sifatida belgilangan. Shu asosda jinoyat ishlarida yarashuv institutini kengaytirish, protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish, kiberjinoyatchilikni kamaytirish hamda inson huquqlariga oid xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish vazifalari belgilangan. Bu choralar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
85-maqsadda davlat organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini kuchaytirish va ma’muriy adliyani rivojlantirish nazarda tutilgan. Xususan, sudgacha hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolarni muqobil hal qilish mexanizmlarini kengaytirish hamda ma’muriy sudlarda kelishuv institutlarini rivojlantirish belgilangan. Bu esa sudlar yuklamasini kamaytirish va fuqarolarning huquqiy manfaatlarini tezkor himoya qilish imkonini yaratadi.
86-maqsad sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan. Sud tizimida xotin-qizlar ulushini oshirish, shuningdek, aholi uchun interaktiv sud xizmatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
88-maqsad esa advokatura institutini rivojlantirishga bag‘ishlangan. Unda advokatlar va davlat organlari o‘rtasida elektron hujjat almashinuvini kengaytirish hamda aholiga nisbatan advokatlar sonini oshirish vazifalari belgilangan. Bu fuqarolarning malakali huquqiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon sud-huquq tizimini insonparvar, shaffof va zamonaviy mexanizm asosida rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudining sudyasi F.Ibodullayev
